Fransiyadagi maktablarda telefondan foydalanish taqiqlanadi
Olam
−
11 aprel
1748Fransiyada kelasi o‘quv yilidan boshlab barcha o‘rta maktab o‘quvchilariga butun o‘quv kuni davomida mobil telefonlardan foydalanish taqiqlanadi. Bu haqda Fransiya Ta’lim vaziri Elizabet Born ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, o‘tgan yili ushbu g‘oya tajriba sifatida 50 mingga yaqin bola ta’lim oladigan 180 ta maktabda sinab ko‘rilgan. U oxir-oqibat Ta’lim vazirligi tomonidan muvaffaqiyatli deb topilgan.
“Endi taqiq butun mamlakat bo‘ylab joriy etiladi. Qonun qoidalariga ko‘ra, o‘quvchilar maktabga mobil gadjet bilan kelishlari mumkin, biroq uni kiraverishdagi maxsus shkaflarda saqlash uchun topshirishlari shart bo‘ladi”, deyiladi xabarda.
Xabarga qo‘shimcha qilinishicha, o‘quvchilar telefonlarini faqat barcha darslar tugagandan keyingina olishlari mumkin.
Shu bilan birga, o‘rta maktablar va kollejlar milliy ittifoqi (Snalc) va O‘rta ta’lim milliy ittifoqi (SNES-FSU) hukumat qarorini tanqid qilgan. Ularning vakillariga ko‘ra, tajriba asosan 350 nafardan kam o‘quvchi o‘qiydigan qishloq maktablarida o‘tkazilgan. Yirikroq ta’lim muassasalarida esa tajriba faqat alohida sinflar o‘rtasida o‘tkazilgan. Shuning uchun o‘qituvchilar kasaba uyushmalari tajriba natijalarini dolzarb emas, deb hisoblagan.
Ma’lumot uchun, Fransiya hukumati 2018 yildayoq bolalar bog‘chalari va boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga mobil telefonlar va smartfonlardan foydalanishni taqiqlagan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston Ta’lim va fan vazirligi maktab va oliy o‘quv yurtlarida telefondan foydalanishni taqiqlashni taklif qilayotgani haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi