Fransiyada jazirama sabab favqulodda reja ishga tushirildi

Olam

image

Fransiya hukumati mamlakatning g‘arbiy hududlarida kuzatilayotgan navbatdagi jazirama to‘lqini sabab ilk bor “Orsec ekstremal issiqlik” favqulodda rejasini ishga tushirdi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.

Qayd etilishicha, favqulodda reja “qizil” darajadagi issiqlik xavfi e’lon qilingan to‘qqizta departamentda joriy etilgan. Fransiya milliy meteorologiya xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatning yana 72 ta departamentida “to‘q sariq” darajadagi ogohlantirish amal qilmoqda. Ertaga, 12 iyuldan boshlab esa “qizil” darajadagi ogohlantirish 24 ta departamentga, jumladan, Parijda joylashgan Il-de-Frans mintaqasiga ham kengaytiriladi.

Mazkur reja odatda toshqin kabi yirik tabiiy ofatlar vaqtida qo‘llaniladigan favqulodda yordam mexanizmi hisoblanadi. Biroq bu safar u havo haroratining keskin ko‘tarilishi tufayli ishga tushirilgan.

Fransiya Fuqarolik xavfsizligi bosh direktori Jyulen Marionning ma’lum qilishicha, yil boshidan buyon mamlakatda 8 mingdan ortiq yong‘in qayd etilgan. Oqibatda 25 ming gektardan ziyod hudud yonib ketgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb ikki barobar ko‘p.

Shuningdek, Fransiya Iqlim bo‘yicha oliy kengashi mamlakatning global isishga qarshi siyosati yetarli emasligi haqida ogohlantirgan. Kengash eksperti Valeri Masson-Delmott mamlakat “xavfli hudud”ga kirib borayotganini bildirgan.

Hukumat jazirama tufayli keksalar, uysizlar va boshqa himoyaga muhtoj fuqarolar uchun sovitish markazlarini ochishini ma’lum qilgan. Bundan tashqari, mamlakat shifoxonalariga o‘rnatilishi rejalashtirilgan 30 mingta konditsionerdan 6 mingtasi allaqachon yetkazib berilib, ishga tushirilgan.

Meteorologlar prognoziga ko‘ra, Fransiyada yuqori harorat joriy yilning 14 iyul kuniga qadar saqlanib qoladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyada joriy yilning 22–28 iyun kunlari kuzatilgan kuchli jazirama davrida mamlakat bo‘ylab 2 025 ta o‘lim soni qayd etilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing