Fransiyada o‘limlar soni tug‘ilishdan oshdi

Olam

image

2025 yilda Fransiyada Ikkinchi jahon urushi tugaganidan beri ilk bor o‘limlar soni tug‘ilishlar sonidan ko‘paydi. Bu holat mamlakatning Yevropa Ittifoqi davlatlari orasida uzoq yillar davomida saqlanib kelgan demografik ustunligiga putur yetkazdi. Bu haqda “Francebleu” xabar berdi.

Qayd etilishicha, tug‘ilish darajasi COVID-19 pandemiyasidan keyin izchil ravishda pasaya boshlagan va oqibatda o‘limlar soni tug‘ilishdan oshib ketgan. INSEE milliy statistika instituti 2025 yilda tug‘ilish darajasi har bir ayolga 1,56 bolagacha tushganini ma’lum qildi. Bu ko‘rsatkich Birinchi jahon urushidan beri qayd etilgan eng past daraja hisoblanadi. 

2023 yilda – Yevropa Ittifoqi bo‘yicha so‘nggi taqqoslashlar o‘tkazilgan davrda Fransiya tug‘ilish darajasi bo‘yicha 1,65 ko‘rsatkich bilan Bolgariyadan (1,81) keyin ikkinchi o‘rinda bo‘lgan. 

Milliy davlat auditi idorasining ogohlantirishicha, demografik o‘zgarishlar yaqin yillarda davlat xarajatlarining keskin oshishiga olib kelishi mumkin. Xususan, pensiya va ijtimoiy ta’minot tizimiga bosim kuchayadi, soliq bazasi esa qisqarish xavfi bilan yuzlashadi.

Jamg‘arma doirasi tahlil markazi iqtisodchisi Filip Krevelning so‘zlariga ko‘ra, 1960 yillarda tug‘ilgan katta avlodning nafaqaga chiqishi mehnat bozorida ishchi kuchi yetishmovchiligini yanada kuchaytirgan.

Shu bilan birga, o‘limlar soni tug‘ilishdan oshganiga qaramay, Fransiya aholisi 2025 yilda 69,1 million kishiga yetdi. Bu asosan 176 ming kishilik sof migratsiya hisobiga bo‘lgan.

INSEE ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili umr ko‘rish davomiyligi ham rekord darajaga chiqqan: ayollar uchun 85,9 yosh, erkaklar uchun esa 80,3 yosh. 65 yosh va undan katta aholining ulushi 22 foizga yetib, deyarli 20 yoshgacha bo‘lganlar soniga tenglashgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda eng ko‘p chaqaloq qaysi viloyatda tug‘ilayotgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya o'lim tug'ilish demografiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing