Fransiyada o‘ldirilgan o‘smirning buvisi tartibsizliklarni to‘xtatishni so‘radi

Olam

image

Fransiyada politsiyachi tomonidan otib o‘ldirilgan 17 yoshli yigitning buvisi nevarasi o‘limidan keyin mamlakatda boshlangan tartibsizliklarni to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda u BFM telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Men buni hamma joyda to‘xtatishni xohlayman. Biz hamma narsani tinchlantirishni xohlaymiz. Maktablarni vayron qilmang, avtobuslarni buzmang”, deydi marhumning buvisi.

U charchaganini va hammasi tugaganini, nevarasini qaytarib bo‘lmasligini qo‘shimcha qilgan. Shuningdek, u nabirasini otgan politsiyachi adolatli jazolanishiga ishonch bildirgan.

Bundan tashqari, buvi namoyishchilarni qilmishlari uchun javobgarlikka tortish tarafdori ekanini ta’kidlagan.

Fransiyadagi vaziyat 

Joriy yilning 27 iyun kuni Parijga yaqin Nanter shahrida yo‘l harakati qoidalarini buzgan Nael ismli 17 yoshli jazoirlik yigitni politsiya to‘xtatgan. Biroq Nael politsiyaga bo‘ysunmagan. Politsiyachi esa unga qarata o‘q uzgan. Haydovchi ko‘kragiga o‘q tegib vafot etgan.  

Shundan so‘ng, mamlakatning turli shaharlarida tartibsizliklar boshlangan. 29 iyun kuni bir necha o‘nlab politsiya mashinalari, komissarlik va ma’muriy organlar binolari yoqib yuborilgan, ta’lim muassasalariga zarar yetkazilgan. 30 iyunga o‘tar kechasi Ichki ishlar vazirligi davom etayotgan tartibsizliklarni bostirish uchun 40 ming politsiyachini safarbar etgan. Mamlakatning ayrim shaharlarida maxsus kuchlar ko‘chalarni patrul qilishda zirhli texnika va vertolyotlardan foydalangan.

Ayrim shaharlarda soat 21:00 yoki 22:00 dan boshlab komendantlik soati, shuningdek, tungi vaqtda jamoat transportida cheklovlar joriy etilgan. Mamlakatda vaziyat keskinligicha qolmoqda.

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Twitterʼda marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirgan. Shuningdek, Makron Fransiyadagi tartibsizliklar ortidan YeIning Bryusseldagi sammitini tark etgan. 

Bundan tashqari, Fransiya Prezidenti tartibsizliklarga kompyuter o‘yinlari sabab bo‘lganini aytgandi.  Fransiyadagi tartibsizliklar ortidan Belgiya va veysariyada ham namoyishlar bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya politsiya tartibsizliklar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing