Fransiyada o‘g‘irlab ketilgan “Anorbank” rahbari qidiruvga berildi – OAV
3-sahifa
−
14:39 3192 4 daqiqa
2025 yilning yozida Fransiyada o‘g‘irlab ketilgani va qiynoqqa solingani aytilgan Qahramonjon Olimovning o‘zi odam o‘g‘irlashda ayblanmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Olimov O‘zbekistonda sirtdan qamoqqa olingan va xalqaro qidiruvga berilgan. Bu haqda Olimovga yaqin manbaga tayanib, “The Insider” xabar berdi.
Qayd etilishicha, ish bo‘yicha rasmiy ma’lumotlar mavjud emas, biroq “The Insider” manbasining xabar berishicha, Olimov sobiq ish beruvchisi va iqtisodiy nizodagi raqibi Botir Rahimovni jinoyat tashkilotchisi sifatida ko‘rsatish uchun Fransiyada o‘zini o‘g‘irlashlarini sahnalashtirgan bo‘lishi mumkin. 2025 yilning noyabr oyida “The Insider” va Fransiyaning “L’Express” nashrlari Olimov taqdim etgan talqinda ko‘plab ziddiyatlar va soxtalashtirish alomatlarini aniqlagan. Xususan, go‘yoki ozod qilinganidan so‘ng bankir o‘zini o‘g‘irlagan shaxs deb atagan odam bilan do‘stona yozishgan, so‘ngra qo‘lga olinishining oldini olish uchun uni politsiya haqida ogohlantirib, “uzoqroq yurishni” so‘ragan.
Nashrning yozishicha, endilikda Olimov Rahimovni o‘zini o‘g‘irlashda ayblab, unga tuhmat qilganlikda, so‘ng O‘zbekiston kuch ishlatar tizimlari yordamida Rahimovni jinoiy ta’qib qilish tahdidi ostida moliyaviy da’volardan voz kechishga majburlash uchun uning o‘zini o‘g‘irlashni tashkil etganlikda ayblanmoqda. Rahimov avvalroq Olimovga nisbatan moliyaviy da’volar bildirib, uni o‘ziga tegishli biznes-aktivlarni o‘zlashtirib olishda ayblagan va 200 million dollardan ortiq tovon puli talab qilgan.
Odam o‘g‘irlanishining sahnalashtirilishi
2025 yilning yozida Olimov uni Parij markazida o‘g‘irlab ketishganini, avval noma’lum joyga, so‘ng Nitssa yaqinidagi villaga olib borib, u yerda kaltaklashgani, qiynoqqa solishgani va 10 million dollar talab qilishganini ma’lum qilgan. Uning talqiniga ko‘ra, u 5 million dollarlik tilxat yozib berishga va 200 ming dollar topshirishga rozi bo‘lgach, o‘g‘rilar uni qo‘yib yuborgan. Parijga qaytgach, Olimov politsiyaga murojaat qilgan.
Biroq “The Insider” va “L’Express”ning birgalikdagi surishtiruvi bu talqinga mos kelmaydigan bir qator holatlarni aniqlagan. Olimov go‘yoki ushlab turilgan villa Olimovning yaqin sherigining hujjatlaridan foydalanilgan holda vositachi orqali ijaraga olingan. Ozod qilinganidan so‘ng, Olimovning Parijga qaytish uchun birinchi klass chiptasini bankir o‘g‘irlikning bevosita ishtirokchisi deb atagan M. ismli shaxsning haydovchisi to‘lagan. Politsiyaga murojaat qilganidan keyin ham Olimov M. bilan do‘stona yozishishni davom ettirgan va ko‘p soatlik so‘roq paytida u bilan 200 ming dollarni topshirishni muhokama qilgan.
Yozishmalar keyinchalik ham davom etgan. M. Olimovdan politsiya sodir bo‘lgan voqea sahnalashtirilganini tushundimi deb so‘raganida, u javob bermagan. Bir necha kundan so‘ng Olimov unga oralarida “adovat yo‘qligini” yozgan va M. ning qo‘lga olinmaganidan yengil tortishini bildirgan. Taxminiy qiynoqlardan sakkiz kun o‘tib o‘tkazilgan tibbiy ko‘rik Olimovda faqat kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan arzimas lat yeyish va shilingan joylarni qayd etgan.
Surishtiruvda, shuningdek, Olimov va uning sobiq ish beruvchisi Botir Rahimov o‘rtasida ko‘p yillik moliyaviy nizo mavjudligini aniqlangan.
“Rahimov 2016 yilda O‘zbekistondan Turkiyaga ketib qolgach, uning biznesining salmoqli qismi Olimov boshqaruviga o‘tgan, so‘ngra Olimov tomonidan majburlab o‘tkazilgan va Rahimov keyinchalik o‘ta manfaatsiz deb hisoblagan bitim natijasida unga o‘tib ketgan. O‘zbekistonga qaytgach, Rahimov uni qayta ko‘rib chiqishga erisha boshladi va Olimovdan 200 million dollardan ortiq tovon puli talab qildi. Bu voqealar fonida 2025 yilning yozida Olimovning o‘g‘irlanishi haqidagi voqea paydo bo‘ldi va u buning tashkilotchisi sifatida amalda Rahimovga aloqador odamlarni aybladi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Qahramonjon Olimov O‘zbekistonning taniqli moliyachilaridan biri. U 1977 yilda tug‘ilgan, 1999 yilda Andijon muhandislik-iqtisodiyot institutini tamomlagan. Shuningdek, 2012 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi qoshidagi Biznes maktabida tahsil olib, biznes boshqaruvi bo‘yicha magistr darajasini qo‘lga kiritgan. U O‘zbekistonda xususiy bank sektorida faoliyat yurituvchi eng muhim shaxslar qatoriga kiradi. Hozirda “Anorbank” aksiyadorlik jamiyatining asosiy aksionerlaridan biri va Kuzatuv kengashi a’zosi hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning iyul oyida “Le Monde” “Anorbank” rahbari 49 yoshli Qahramonjon Olimov Fransiyada o‘g‘irlab ketilganini yozgan edi. Keyinroq, QALAMPIR.UZ holat bo‘yicha izoh olish uchun bank bilan bog‘langandi. “Anorbank” rasmiysi shunday hodisa ro‘y berganini tasdiqlagan edi va Olimov ozodlikka chiqish uchun o‘z shaxsiy pullarini ishlatgani, hodisaning bankka omonot qo‘ygan mijozlarning puliga aloqasi yo‘qligi bildirgandi.
Live
Barchasi