Fransiyada sinagoga oldida mashina portlatildi
Olam
−
25 avgust
4541Fransiyaning janubiy qismidagi sinagoga oldida portlash yuz berdi. Bu haqda “France 24” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, La Grand-Mot shahridagi sinagoga yaqinida avtomobil ichidagi gaz balloni portlab, ikki mashina yonib ketgan. Olov sinagoga eshigini qisman zararlagan, biroq binodagilardan hech kim jabrlanmagan. Portlash oqibatida hududda patrullik qilayotgan politsiyachi og‘ir yaralangan.
Tergovchilarning so‘zlariga ko‘ra, ibodatxonaga kiraverishda ham yong‘in boshlangan, biroq tezda o‘chirilgan. La Grand-Mot meri Stefan Rossignolning aytishicha, politsiya noma’lum shaxsning mashinalarga o‘t qo‘ygani tasvirlarini olgan. Ayrim kadrlar esa gumonlanuvchining 9 mm to‘pponcha bilan bo‘lganini ham ko‘rsatgan.
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron voqeani “terrorchilik harakati” deb atadi. Fransiya yahudiylarining CRIF tashkiloti rahbari Jonatan Arfi portlash dindorlar sinagogaga kelishi kerak bo‘lgan vaqtda sodir bo‘lganini aytdi. Mamlakat Ichki ishlar vazirligi rahbari Jerald Darmanen Fransiyadagi yahudiylarning manzilgohlari xavfsizligini kuchaytirishga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Moskva shahri Sinyavinskaya ko‘chasidagi turarjoy binosi hovlisida noma’lum shaxs tomonidan shu yerda turgan avtomobil portlatib yuborilgani xabar qilingandi.