Fransiyada “oq xalatdagi shayton” 299 bolani zo‘rladi
Olam
−
29 may 18897 2 daqiqa
Fransiyada sobiq jarroh 299 nafar bolaga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilgani uchun 20 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda “Sky News” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 74 yoshli Joelya Le Skuarnek Fransiyada bolalarga nisbatan sodir etilgan eng yirik jinsiy jinoyat ishlaridan birida aybdor deb topilgan. U 1989 yildan 2014 yilgacha bo‘lgan davrda sodir etilgan 111 ta zo‘rlash va 188 ta jinsiy tajovuz – jami 299 ta jinoyat bo‘yicha ayblangan.
Ta’kidlanishicha, jabrdiydalarning ko‘pchiligi zo‘ravonlik sodir bo‘lgan paytda narkozda yoki operatsiyadan uyg‘onayotgan bo‘lgan. Ularning o‘rtacha yoshi 11 yoshni tashkil qilgan. Jabrlanganlar orasida deyarli bir xil sonli o‘g‘il va qiz bolalar bo‘lgan. Ikki nafar jabrlanuvchi sudgacha bo‘lgan yillarda o‘z joniga qasd qilgan.
Prokurorlar Le Skuarnekni “oq xalatdagi shayton” deb atab, unga eng yuqori jazo – 20 yil qamoq talab qilgan. Sudya esa ayblanuvchining aynan bolalar eng ojiz holatda bo‘lgan vaqtda ularga hujum qilganini alohida ta’kidlagan.
Le Skuarnek o‘z jinoyatlarining barchasini tan olgan. U zo‘ravonlik qilgan holatlarni tafsilotlari bilan daftar va kundaliklarga yozib borgan. Ko‘plab jabrlanuvchilar o‘zlariga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik haqida faqat tergovchilar ularning ism-sharifini yozuvlar orqali aniqlab, bog‘langach bilishgan.
“Men ularda insonni ko‘rmaganman. Ular mening xayoliy fantaziyalarimning nishoni edi. Sud jarayonida ular hayotiy shaxslar, his-tuyg‘ular, g‘azab, azob va qayg‘u bilan yashayotgan insonlar ekanini ko‘ra boshladim”, degan jarroh sud jarayonida.
Le Skuarnek faqat nafaqaga chiqqachgina qo‘lga olingan. Uning uyida tintuv paytida politsiya 300 mingdan ortiq bolalarning behayo surat va videolari, 70 ta bolalar o‘lchamidagi qo‘g‘irchoqlar, shuningdek, yuzlab daftar va kundaliklarni topgan. Ular jinoyat tafsilotlari bilan batafsil yozilgan bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyalik aktyor Jerar Deparde 2021 yilda suratga olingan filmda ikki ayolga jinsiy zo‘ravonlik qilganlikda aybdor deb topilgandi.
Live
Barchasi