Fransiyada Makronning hayotiga suiqasd qilishda gumonlangan shaxs ushlandi
Olam
−
17 iyun 2023
4479Fransiya huquq-tartibot idoralari xodimlari shu yilning aprel oyida mamlakat rahbari Emmanuel Makronning Du departamentiga safari chog‘ida uning hayotiga suiqasd qilishda gumon qilingan shaxsni qo‘lga oldi. Bu haqda “Le Parisien” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea joriy yilning 27 aprelida Makronning Gaiti inqilobi (1791-1804) yetakchisi Tussen-Luvertyur xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan marosimga tashrifidan so‘ng sodir bo‘lgan. Davlat rahbari borgan Shato de Ju qal’asi yaqinida pensiya islohotidan norozi bo‘lgan odamlar yig‘ilib, politsiya nazoratidan chiqishga uringan. Jandarmlar tartibsizlikni bartaraf etish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalangan. Makron u yerdan vertolyotda ketmoqchi bo‘lganda namoyishchilardan biri unga qarata pirotexnika vositasini uloqtirgan.
Tergov natijasida Prezident bortiga portlovchi modda uloqtirgan shaxs 20 yoshli so‘l qanot faoli bo‘lib chiqqan. Gumonlanuvchi shu hafta o‘z uyidan topilib, hibsga olingan. Unga nisbatan Fransiya Antiterror prokuraturasi tomonidan vertolyotni yo‘q qilishga urinish, unda bo‘lgan huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining hayotiga suiqasd qilish, shuningdek, Prezident hayotiga suiqasd qilish kabi ayblovlar bilan jinoiy ish ochgan. Uning mazkur harakati vertolyotning qulashiga olib kelishi mumkinligi ehtimoli ekspertiza natijasida aniqlanishi ma’lum qilingan.
Yigit o‘z aybini tan olgan hamda bu yo‘l bilan Makronga nisbatan e’tiroz bildirmoqchi va xalq uning siyosatidan norozi ekanini yetkazmoqchi bo‘lganini aytgan. Prokuratura gumonlanuvchining qamoq muddatini uzaytirishni va unga nisbatan psixiatrik ekspertiza o‘tkazishni talab qilmoqda.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr