Fransiyada bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish taqiqlandi
Olam
−
22 iyul 1043 3 daqiqa
Fransiya parlamenti 2027 yil yanvardan boshlab 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini taqiqlovchi qonunni qabul qildi. Shu tariqa, Fransiya Yevropada bunday cheklovni joriy etgan birinchi davlatga aylandi. Bu haqda BBC xabar berdi.
Qonunga ko‘ra, mamlakat hududida ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmoqchi bo‘lgan barcha foydalanuvchilar o‘z yoshini tasdiqlashi shart bo‘ladi. Mazkur tashabbus bolalar ruhiy salomatligini himoya qilish va ularni internetdagi zararli kontentdan asrash maqsadida ishlab chiqilgan.
Qayd etilishicha, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ushbu qarorni qo‘llab-quvvatlab, uni yoshlar xavfsizligini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholagan.
Qonun ikki bosqichda kuchga kiradi. Joriy yilning sentyabridan boshlab 15 yoshga to‘lmagan shaxslar yangi ijtimoiy tarmoq akkauntlarini ocholmaydi hamda yangi foydalanuvchilar uchun yoshni tasdiqlash majburiy bo‘ladi. 2027 yil yanvardan esa ushbu talab barcha mavjud akkauntlarga ham tatbiq etiladi. Natijada Fransiyadagi barcha foydalanuvchilar ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish uchun kamida 15 yoshga to‘lganini tasdiqlashi kerak bo‘ladi.
Qonun kuchga kirgach, Meta, TikTok, Snapchat va X kabi platformalar Fransiya maxfiylik bo‘yicha regulyatori tasdiqlagan yoshni tekshirish tizimlaridan foydalanishadi.
Biroq qonun yuzasidan tanqidlar ham mavjud. Mutaxassislar yoshni tekshirish tizimlarining ishonchliligi, shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi hamda voyaga yetmaganlarning taqiqni chetlab o‘tish ehtimoli borasida xavotirda. Shuningdek, ayrim siyosatchilar qonun juda qisqa muddatda ishlab chiqilgani va qabul qilinganini ta’kidlamoqda.
Fransiya raqamli texnologiyalar vaziri Ann Le Xenanff esa bu e’tirozlarga javoban yoshni tasdiqlash texnologiyalari allaqachon mavjudligi va ularni amaliyotga joriy etish imkoniyati yetarli ekanini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, Fransiya mazkur cheklovni joriy etgan dunyodagi ikkinchi davlat bo‘ldi. Avvalroq Avstraliya 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlagan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, taqiq kuchga kirganidan keyin ham 16 yoshgacha bo‘lgan har 10 nafar bolaning 7 nafari turli yo‘llar bilan ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishda davom etgan.
G‘arbiy Avstraliyadagi Kertin universiteti professori Tama Liverning fikricha, Avstraliya tajribasi texnik jihatdan kutilgan natijani bermagan bo‘lsa-da, bunday cheklovni amalda joriy etish mumkinligini ko‘rsatgan. Uning aytishicha, yoshlar bunday qarorlarni ishlab chiqish jarayoniga jalb etilishi lozim.
Professorning fikricha, Fransiyada barcha foydalanuvchilar uchun yoshni tasdiqlash majburiy etib belgilangani qonunning samarali ishlash ehtimolini oshiradi.
“Barcha foydalanuvchilar uchun yoshni tasdiqlash talabi joriy etilgani sababli, Fransiyadagi tizim Avstraliyanikiga qaraganda samaraliroq ishlashi mumkin. Biroq bu shaxsiy hayot daxlsizligi bilan bog‘liq xavflarni ham yuzaga keltiradi. Bundan tashqari, bunday cheklov yoshlarni kamroq nazorat qilinadigan onlayn platformalarga o‘tishga undashi, ularning yangiliklardan xabardor bo‘lishi hamda fuqarolik va siyosiy jarayonlardagi ishtirokiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin”, degan u.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreya hukumati 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochishini cheklash masalasini ko‘rib chiqayotgan edi.
Live
Barchasi