Fransiya yangi ballistik raketasini sinovdan o‘tkazdi
Olam
−
16:24 701 1 daqiqa
Fransiya atom suvosti kemasidan M51.3 strategik ballistik raketasining ilk parvozini o‘tkazdi. Bu haqda mamlakat Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, sinov parvozi bugun, 6 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan. Raketa yadroviy kallakka ega bo‘lmagan, uning parvozi Fransiya Qurollanish bo‘yicha bosh direksiyasining (DGA) sinov markazi vositalari tomonidan kuzatib borilgan.
Raketa Atlantika okeanining shimoliy qismida, sohildan bir necha yuz kilometr uzoqlikda qulagan. Harbiy idora sinov Fransiyaning xalqaro majburiyatlariga rioya qilingan holda o‘tkazilganini qayd etgan.
“Le Parisien” nashrining Yelisey saroyiga tayanib yozishicha, sinov jarayonini Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron kuzatib borgan.
Ma’lumot uchun, M51.3 Fransiyaning dengizda joylashtiriladigan M51 strategik ballistik raketasining uchinchi versiyasi hisoblanadi. U taxminan bir yil avval foydalanishga topshirilgan. M51 – suvosti kemalariga o‘rnatiladigan Fransiya ballistik raketasi. Maksimal uchish masofasi 9-10 ming km, uchish vazni 52 tonnadan boshlanadi. Raketa ishlab chiquvchisi – Amsterdamda rasman ro‘yxatdan o‘tgan, ammo qarorgohi Parijda joylashgan Yevropa aerokosmik va mudofaa konserni (EADS) hisoblanadi.
Live
Barchasi