Fransiya yana talato‘p ichida qoldi
Olam
−
06 aprel 2023
7890Butun Fransiya bo‘ylab minglab aholi parlamentda ovoz berishsiz qabul qilingan pensiya islohotiga qarshi yana ko‘chaga chiqdi. Bu pensiya yoshini 62 yoshdan 64 yoshga ko‘tarishni nazarda tutuvchi qonunga qarshi ko‘tarilgan narozilik namoyishlarining 11-to‘lqini bo‘ldi.
Mahalliy nashrlarning yozishicha, mamlakatning turli shaharlari, jumladan Nitssa va Rennda ham aholi ommaviy norozilik namoyishlariga to‘plangan. Xususan, ta’lim, transport va energetika sohalari xodimlari tomonidan umumiy ish tashlash e’lon qilingan.
Fransiya Ichki ishlar vaziri Jerald Darmanin o‘z Twitter sahifasida mamlakat bo‘ylab davom etayotgan ommaviy namoyishlar munosabati bilan 11500 nafar politsiya va jandarm safarbar qilinganini ma’lum qilgan. Fransiya razvedka xizmatlari esa namoyishlarda 600 mingdan 800 minggacha namoyishchi ishtirok etishini taxmin qilmoqda.
Keng ko‘lamli mitinglarga Vanves va Grenobl kabi turli shaharlardagi litsey o‘quvchilari ham qo‘shilgan. Shuningdek, ish tashlash va namoyishlar ortidan Rona mintaqasida elektr ta’minotida uzilishlar yuz bergan.
Poytaxt Parijda esa kasaba uyushma a’zolari shahar markazida joylashgan BlackRock investitsiya firmasining ofisiga bostirib kirib, shiorlar aytib, petardalar (pirotexnika mahsuloti) otgan. Ular pensiya islohotiga qarshi namoyishchilarning sevimli shiori (“On est la” – “biz shu yerdamiz”)ni baland ovozda kuylab, yarim soatdan so‘ng binoni tark etgan. Namoyishchilardan biri BlackRock o‘zining shaxsiy pensiya jamg‘armasi faoliyati tufayli nishonga olinganini ochiqlagan.
“Hukumat pensiyalardan voz kechmoqchi, odamlarni shaxsiy pensiya jamg‘armalari hisobidan o‘z pensiyalarini moliyalashtirishga majburlamoqchi. Ammo biz bilamizki, bunday o‘zgarishdan faqat boylargina foydalana oladi”, deydi namoyishlarda qatnashayotgan maktab o‘qituvchisi.
Ma’lumot uchun, nafaqalar qisman xususiy pensiya jamg‘armalari tomonidan moliyalashtiriladigan boshqa ko‘plab Yevropa davlatlaridan farqli o‘laroq, Fransiyadagi pensiya tizimi hozirda ishlayotganlarning to‘lovlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri nafaqadagilarning pensiyalarini moliyalashtirishini nazarda tutadi. Hukumat esa pensiya tizimini saqlab qolish uchun uni o‘zgartirish zarur, deb hisoblamaqda.
Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy tizimning moliyaviy muvozanatini ta’minlash maqsadida pensiya yoshini 62 yoshdan 64 yoshgacha oshirish va maxsus pensiya rejimlarini bekor qilishni nazarda tutuvchi islohot joriy yilning yanvar oyida taqdim etilgan edi. Taklif etilayotgan o‘zgarishlar darhol ko‘plab noroziliklarga sabab bo‘lgan, butun mamlakat bo‘ylab bir necha bor ommaviy namoyish va ish tashlashlar o‘tkazilgandi. Joriy yilning 16 mart kuni esa Bosh vazir parlamentni chetlab o‘tib, hukumat mas’uliyati ostida pensiya ta’minoti tizimiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi qabul qilinishini ma’lum qildi. Kasaba uyushmalari va muxolif siyosiy partiyalar vakillari hukumatning bu harakatini qoralab, butun mamlakat bo‘ylab ish tashlashlarni ko‘paytirishga chaqirdi.
LiveBarchasi