Fransiya va yana to‘rt davlat Isroilning Livandagi operatsiyasini qoraladi
Olam
−
17 mart 3548 2 daqiqa
Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya va Kanada Isroilni Livanda keng ko‘lamli quruqlikdagi harbiy amaliyot o‘tkazmaslikka chaqirdi. Ular bunday harakat mintaqadagi gumanitar vaziyatni yanada yomonlashtirishi mumkinligini ta’kidladi. Bu haqda kecha, 16 mart kuni e’lon qilingan qo‘shma bayonotda aytilgan.
Ushbu davlatlar Livandagi zo‘ravonlik kuchayib borayotganidan jiddiy xavotir bildirgan va Livan hamda Isroilni mojaroni hal qilishga qaratilgan muzokaralarda ishtirok etishga chaqirgan.
“Hizbulloh”ning Isroilga hujumlari va tinch aholiga qarshi zo‘ravonliklar to‘xtatilishi kerak. Ular qurolsizlantirilishi lozim. Biz “Hizbulloh”ning Eronga qo‘shilib harbiy harakatlarda ishtirok etish qarorini qoralaymiz, bu esa mintaqadagi tinchlik va xavfsizlikni yanada xavf ostiga qo‘ymoqda”, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, bayonot mualliflari tinch aholi, fuqarolik infratuzilmasi, tibbiyot xodimlari va sog‘liqni saqlash ob’ektlariga, shuningdek Livandagi BMTning vaqtinchalik kuchlariga qilingan hujumlarni qoralagan.
Shu bilan birga, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya va Kanada Isroilning Livandagi keng ko‘lamli quruqlik operatsiyasi “halokatli gumanitar oqibatlarga olib kelishi va uzoq davom etadigan mojaroga sabab bo‘lishi mumkin”ligini ogohlantirgan.
“Buni oldini olish zarur. Livandagi gumanitar vaziyat, jumladan aholi ommaviy ko‘chirilishi allaqachon jiddiy tashvish uyg‘otmoqda”, deyiladi xabarda.
Bayonot mualliflari Livan hukumatining “Hizbulloh”ni qurolsizlantirish, uning harbiy faoliyatini taqiqlash va jangovar harakatlarni to‘xtatish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
“Biz o‘z irodasiga qarshi bu mojaroga tortilgan Livan hukumati va xalqiga birdamlik bildiramiz”, deyiladi bayonotda.
O‘sha kuni Germaniya kansleri Fridrix Mers Berlindagi matbuot anjumanida Isroilning Livandagi quruqlik operatsiyasini xato deb atagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday harakat allaqachon og‘ir bo‘lgan gumanitar va migratsiya vaziyatini yanada keskinlashtiradi.
Isroilning Livandagi harbiy amaliyoti
Isroil Mudofaa kuchlari kecha, 16 mart kuni Livan janubida “Hizbulloh”ga qarshi “cheklangan quruqlik operatsiyasi” boshlanganini ma’lum qildi.
Bayonotga ko‘ra, operatsiya “terrorchi infratuzilmani yo‘q qilish” va “oldingi mudofaa chizig‘ini yaratish hamda mustahkamlash”ga qaratilgan. Harbiylar fikricha, bu Isroil shimolidagi aholi xavfsizligini kuchaytiradi.
Shuningdek, quruqlikdagi qo‘shinlar kiritilishidan oldin Isroil harbiy-havo kuchlari va artilleriyasi mintaqadagi ko‘plab nishonlarga zarba bergani aytildi.
Live
Barchasi