Fransiya O‘zbekistondan uran qazib olmoqchi
Jamiyat
−
13 mart
5761Orano va “Navoiyuran” o‘zlarining Nurlikum Mining qo‘shma korxonasining Janubiy Jengeldi uran qazib olish loyihasini rivojlantirish uchun asos yaratadigan kelishuvni e’lon qildi. Bu haqda Orano kompaniyasi saytida e’lon qilindi.
Kelishuv shartlariga ko‘ra, Janubiy Jengeldi loyihasi “Navoiyuran”ning mavjud sanoat bazasiga integratsiya qilinadi va loyiha operatori sifatida aynan shu kompaniya faoliyat yuritadi. Kelishuv, shuningdek, yangi hamkor – Yaponiyaning ITOCHU Corporation kompaniyasining qo‘shma korxona tarkibiga kam ulushli aksiyador sifatida kirishini ham belgilaydi.
Bu yangi hamkorlik qo‘shma korxonaning so‘nggi yillardagi taraqqiyotini mustahkamlab, Janubiy Jengeldi kon loyihasini rivojlantirish bo‘yicha barcha tomonlarning qat’iy intilishini aks ettiradi. Bugungi kunga qadar tasdiqlangan resurslariga asoslangan holda, Janubiy Jengeldi loyihasi o‘n yil davomida uran ishlab chiqarishni ta’minlay oladi va yillik 700 metrik tonna uran qazib olishning eng yuqori darajasiga erishishi kutilmoqda.
Janubiy Jengeldi loyihasi “Navoiyuran” bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli hamkorlik dasturining bir qismi. Bu dastur Orano tomonidan 2022 yilda O‘zbekiston davlati bilan imzolangan strategik hamkorlik kelishuvi doirasida belgilangan. Hamkorlar, shuningdek, qo‘shimcha geologik-qidiruv dasturini amalga oshirishni rejalashtirishgan bo‘lib, uning maqsadi – qo‘shma korxona mineral resurslarini kamida ikki barobar oshirish.
“Ushbu loyiha guruhimizning uran ishlab chiqarish manbalarini diversifikatsiya qilishga hissa qo‘shadi. Bu yangi bosqich so‘nggi 5 yil davomida O‘zbekistonda olib borilgan ishlar tufayli amalga oshdi. Orano o‘zining geologik va texnik ekspertizasini ushbu loyihani yanada rivojlantirishga yo‘naltirishni maqsad qilgan va shu orqali kompaniya operatsiyalarining kengayishiga ko‘maklashadi”, dedi Ora kompaniyasining qazib olish faoliyati bo‘yicha katta vitse-prezidenti Xaviyer Saint Martin Tillet.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Parij shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani qabul qilgan edi.
LiveBarchasi
Toshkentga tramvay qaytadi.
13 mart