Fransiya sudi Bashar Asadni hibsga olishga order berdi
Olam
−
15 noyabr 2023
7990Fransiya sudi Suriya Prezidenti Bashar Asadni 2013 yilda kimyoviy qurol qo‘llaganlikda ayblab, hibsga olishga order berdi. Bu haqda manbalarga tayanib, AFP xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, kimyoviy qurol qo‘llanganlik bo‘yicha jami to‘rt kishini hibsga olish uchun order berilgan. Suriya yetakchisidan tashqari, uning ukasi – Suriya Respublika gvardiyasi (Suriya hukumatini himoya qilish uchun mo‘ljallangan elita harbiy tuzilmasi) qo‘mondoni Maher Asad, shuningdek, ismi oshkor qilinmagan yana ikki generalga ham ayblov qo‘yilgan.
To‘rt kishi ham insoniyatga qarshi jinoyatlar va urush jinoyatlariga sheriklikda ayblangan. Damashq hozircha Asadni hibsga olish orderiga izoh bermagan.
Kimyoviy qurol zaxiralarini yo‘q qilish
Suriyada kimyoviy moddalar qo‘llangani haqidagi ilk xabarlar 2012 yilning 23 dekabrida paydo bo‘lgan. O‘shanda Suriya muxolifati Homs shahri chekkasida hukumat kuchlarining kimyoviy hujumi oqibatida olti kishi halok bo‘lganini da’vo qilgan. 2013 yil iyul oyida BMTning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus koordinatori Robert Serri BMT kotibiyatiga Suriyada kimyoviy qurol qo‘llangani haqida 13 ta xabar kelib tushganini aytgan. Bir oy o‘tgach, Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti ekspertlari yana beshta shunday holatni tasdiqlagan, ularning eng fojialisi Damashq chekkasidagi aholi zich joylashgan Sharqiy G‘utada, 2013 yil 21 avgust kuni sodir bo‘lgan. Tarkibida asabga ta’sir qiluvchi zarin gazi bilan hujum qilinishi oqibatida 300 dan 1700 gacha odam, jumladan, yuzlab bolalar halok bo‘lgan. “Chegara bilmas shifokorlar” tashkiloti qurbonlarning umumiy sonini 3,5 ming kishi deb hisoblagan. Biroq Suriya rasmiylari ham, muxolifat ham kimyoviy qurol qo‘llaganlik ayblovlarini rad etgan.
Sharqiy G‘utadagi kimyoviy hujumlar bo‘yicha Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti hisobotida, ularni amalga oshirishda tomonlardan birortasining ishtiroki aniqlanmaganiga qaramay, G‘arb davlatlari Asad hukumatini kimyoviy qurol qo‘llanganlikda ayblagan. O‘sha paytda AQSH Prezidenti lavozimini egallab turgan Barak Obama Suriyaning kimyoviy qurol qo‘llashi Vashington tomonidan qizil chiziqni kesib o‘tish sifatida baholanishini, shundan so‘ng xalqaro hamjamiyat bu davlatga qarshi chora ko‘rishga majbur bo‘lishini aytgan.
2013 yil 27 sentyabrda BMT Xavfsizlik Kengashining tomonidan tegishli rezolyutsiyasi tasdiqlangan va 2013 yilning sentyabrida Suriya Kimyoviy qurollar bo‘yicha konvensiyaga qo‘shilgan. Mamlakat Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkilotiga ham a’zo bo‘lgan. Suriya kimyoviy arsenalining olib tashlanishi va yo‘q qilinishi 2013 yilda yaratilgan BMT va Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti qo‘shma missiyasi tomonidan kuzatilgan. 2014 yil iyun oyida Suriyadan kimyoviy qurol zaxiralari olib tashlanganidan so‘ng, u o‘z faoliyatini to‘xtatgan.