Fransiya Nigerdagi vaziyatdan Rossiya foydalanayotganini aytdi
Olam
−
01 avgust 2023 7349 2 daqiqa
Fransiya Tashqi ishlar vaziri Ketrin Kolonna Nigerdagi davlat to‘ntarishi bilan bog‘liq vaziyatdan Rossiya ham, mintaqa davlatlari ham o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishi mumkinligini aytdi. Bu haqda u BFMTV kanaliga ma’lum qildi.
“Ko‘pchilik bu yuqori harbiy amaldorlarning “sarguzasht”laridan keyin ko‘proq opportunistik demarsh deb hisoblaydi. Nigerda hamma yostig‘i ostida Rossiya bayrog‘i bilan uxlayotganiga ishonchim komil emas. Rossiya mintaqadagi boshqa davlatlar kabi bu voqealardan foydalanishga harakat qilishi mumkin, ammo bu faqat faraz. Biz birinchi navbatda fuqarolarimiz xavfsizligiga e’tibor qaratmoqdamiz”, deydi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Fransiya yetakchisi Emmanuel Makron vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqda.
Niger poytaxtida isyonchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun muntazam ravishda namoyishlar o‘tkazilib, ularda fransuzlarga qarshi shiorlar yangramoqda, ayrim ishtirokchilar Rossiya bayroqlarini ko‘tarmoqda.
“Agence France-Presse” avvalroq xabar qilganidek, 30 iyul kuni Niger poytaxti Niameydagi Fransiya elchixonasi oldida katta namoyish bo‘lib o‘tdi. Namoyishchilar, xususan, chet el qo‘shinlarining mamlakatda bo‘lishiga qarshi chiqdi.
“France Info” radiostansiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishning ba’zi ishtirokchilari bino eshiklariga o‘t qo‘yishga uringan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nigerda minglab namoyishchilar Fransiya elchixonasiga hujum qilgandi. Bunga javoban Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Parij o‘z fuqarolari va xorijdagi muassasalarga qarshi hujumlarga toqat qilmasligini aytib, agar bunday hodisalar yuzaga kelsa, keskin javob berishga va’da bergan. Mamlakatda vaziyat qanday boshlangani, voqealar rivojini QALAMPIR.UZ jurnalistining quyidagi maqolasida o‘qishingiz mumkin.
Live
Barchasi