Fransiya mudofaa xarajatini keskin oshirmoqchi 

Olam

image

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron yaqin yillarda mamlakat harbiy xarajatlarini keskin oshirishini ma’lum qildi. Bu haqda davlat rahbari kecha, 13 iyul kuni mamlakat Qurolli kuchlariga qilgan murojaatida so‘z ochdi.

Unga ko‘ra, 2027 yilda mudofaa uchun 64 milliard yevro ajratiladi – bu 2017 yildagi ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘p. U aslida harbiy byudjetni 2030 yilgacha ikki baravar oshirish rejalashtirilgani, ammo bu maqsadga allaqachon 2027 yilda erishilishini bildirgan. 

Rejaga ko‘ra, 2026 yilda mudofaa uchun 3,5 milliard yevro, 2027 yilda esa yana 3 milliard yevro qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi. Makron, ayniqsa, o‘q-dorilar zaxirasini to‘ldirish, uzoq masofali artilleriyani yangilash, yuqori aniqlikdagi qurollarni rivojlantirish, dronlar sonini oshirish zarurligini ta’kidlagan. U shuningdek, havo hujumidan mudofaa tizimini kuchaytirish va kosmik sohadagi salohiyatni oshirishga chaqirgan. 

“1945 yildan buyon erkinlik hozirgidek katta xavf ostida bo‘lmagan”, deya Qurolli kuchlarni ogohlantirgan Makron. 

Ma’lumot uchun, mamlakatda 2024–2030 yillar uchun qabul qilingan harbiy rejalashtirish qonuniga ko‘ra, Fransiya har yili mudofaa byudjetini 3 milliard yevroga oshirib boradi. 2025 yil uchun ajratilgan mudofaa xarajatlari 50,5 milliard yevroni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya Qurolli kuchlari 2040 yilgacha jangovar vazifalarni bajara oladigan robotlarni ishlab chiqish rejasida belgilangan jadvalga muvofiq harakat qilayotgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya byudjet Emmanuel' Makron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing