Fransiya kompaniyalari O‘zbekistonning kichik AES loyihasida ishtirok etishi mumkin
Jamiyat
−
19 mart
1947O‘zbekiston Jizzax viloyatida qurilishi rejalashtirilayotgan kichik quvvatli atom elektr stansiyasi (AES) loyihasida ishtirok etish bo‘yicha uchta Fransiya kompaniyasi bilan muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda “O‘zatom” Atom energetikasini rivojlantirish agentligi direktori Azim Ahmedxo‘jayev “Le Figaro” gazetasiga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Bildirilishicha, O‘zbekiston xorijiy hamkorlarni nafaqat texnologik tajribasi, balki moliyaviy sabablar tufayli ham jalb qilishga qiziqish bildirmoqda. Shuningdek, Ahmedxo‘jayev Fransiyani eng ilg‘or texnologiyalarni taklif qilayotgan davlatlardan biri sifatida baholagan.
Potensial hamkorlar orasida quyidagi kompaniyalar nomi tilga olinmoqda:
- Assystem – texnik hamkor;
- Bureau Veritas – mutaxassislarni tayyorlash;
- Framatome – elektr stansiyalarini texnik boshqarish.
Ta’kidlash joiz, “Uzatom” 2023 yil dekabr oyida Assystem Engineering and Operation Services bilan kelishuv imzolagan.
Fransiya kompaniyalari bilan muzokaralar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga davlat tashrifi doirasida faollashdi. “Le Figaro” nashrining yozishicha, Fransiya O‘zbekistonning uran konlariga katta qiziqish bildirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil may oyida “O‘zatom” va “Rosatom” o‘rtasida O‘zbekistonda kichik AES qurish bo‘yicha shartnoma imzolangandi. Stansiya Rossiyaning RITM-200N reaktori asosida barpo etiladi (quvvati – 55 MVt, xizmat muddati – 60 yilgacha).
Dastlabki reaktor besh yil ichida ishga tushirilishi, keyingilari esa olti oylik interval bilan foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. AES to‘liq loyihaviy quvvatga 2033 yildan oldin chiqishi kutilmayapti.
O‘zbekiston AES qurish uchun xalqaro konsorsium tuzishni rejalashtirib, Rossiya, Xitoy va Yevropa texnologiyalarini jalb etishni ko‘zlamoqda. Bundan tashqari, turbinalar, generatorlar va sovutish inshootlari uchun xalqaro kompaniyalarning uskunalarini jalb qilish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.
LiveBarchasi