Fransiya kompaniyalari Transkaspiy yo‘lagini rivojlantirishda qatnashishga tayyor – Makron

Olam

image

Bugun, 1 noyabr kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron qozog‘istonlik mavqedoshi Qosim-Jomart To‘qayev bilan yakkama-yakka va kengaytirilgan tarkibda muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda mahalliy “Nur” nashri xabar berdi.

“Transkaspiy yo‘lagini rivojlantirishga bo‘lgan qat’iyatingizni olqishlayman. Bu bizning niyatlarimizga mos keladi. Umid qilamizki, bu tashabbus mintaqada qo‘llab-quvvatlanadi. Mamlakatingiz bu borada strategik ahamiyatga ega”, degan Makron kengaytirilgan tarkibda muzokaralar chog‘ida. 

Shuningdek, u Qozog‘iston Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishini rivojlantirishda fransuz kompaniyalarining ishtirokiga tayanishi mumkinligini aytgan. 

“Qozog‘iston Fransiya korxonalarining Osiyo va O‘rta yer dengizi o‘rtasida yangi logistika yo‘lagi yaratish loyihasida faol ishtirok etishiga ishonishi mumkin”, degan Fransiya rahbari To‘qayev bilan uchrashuvi yakunida.

Makron Parij va Ostona strategik hamkorlikni rivojlantirish sur’atlarini tezlashtirishi zarur, degan fikrni bildirgan.

“Hamkorligimiz uchun yaxshi asoslar yaratilgan, lekin uni to‘ldirish va jadallashtirish zarur”, degan Fransiya Prezidenti.

Qozog‘istonning Parijdagi elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2005 yildan buyon respublikaga Fransiya kapital qo‘yilmalari hajmi 17 milliard dollardan oshgan. Fransiya biznesi Qozog‘istondagi barcha yetkazib beruvchilar orasida sakkizinchi va G‘arbiy Yevropa yetkazib beruvchilari orasida (Germaniya va Italiyadan keyin) uchinchi o‘rinni egallaydi. 

Qozog‘istonda Fransiya kapitali ishtirokidagi 170 ga yaqin korxona, jumladan, Total, Airbus, Air Liquide kabi yirik kompaniyalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Fransiya kompaniyalari, xususan, uglevodorod, qurilish, uran, aviatsiya, temir yo‘l va agrosanoat sohalarida namoyon bo‘lmoqda.

Emmanuel Makron ikki davlat orasida madaniy-gumanitar aloqalar yanada kengayish istaganini ham bildirgan. U To‘qayevni 2024 yilda Parijda bo‘lib o‘tadigan Tinchlik forumida ishtirok etishga taklif qilgan.

“Prezidentni kelasi yili Fransiyaga tashrif buyurishga, shuningdek, 2024 yilda Parijda bo‘lib o‘tadigan Tinchlik forumining faxriy mehmoni bo‘lishga taklif qilaman”, degan Makron qozog‘istonlik mavqedoshi bilan Ostonadagi uchrashuvi yakunida.

Bundan tashqari, Makron To‘qayevga ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlagani va “Ostona va Parij o‘rtasidagi munosabatlarni hayotiy holatda saqlab qolgani” uchun minnatdorlik bildirgan.

Fransiya rahbari Ostonaga safari davomida M.S. Narikboyev nomidagi Qozog‘iston gumanitar yuridik universiteti talabalari bilan ham uchrashgan. Ular bilan suhbatda Makron Yevropaga Rossiya Federatsiyasi bilan barqaror munosabatlar tizimi kerak, deb hisoblashini bildirgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropadagi xavfsizlik arxitekturasini keskinlashuv va mojarolar asosida qurish mumkin emas. 

“Rossiya geografik jihatdan Yevropaning bir qismidir, shuning uchun biz YeI a’zolari, a’zo bo‘lmagan davlatlar va Rossiya o‘rtasida barqaror munosabatlar tizimini yaratishimiz kerak”, degan Makron.

Fransiya rahbarining fikricha, Yevropa Rossiya Federatsiyasi va AQSH o‘rtasidagi qurol-yarog‘ masalalari bo‘yicha muloqotdan qochmasligi kerak.

Eslatib o‘tamiz, Emmanuel Makronning Qozog‘istonga safari tugagach, u O‘zbekistonga keladi. Oliy darajadagi muzokaralar Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev allaqachon Samarqandga yetib borgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Frantsiya Emmanuel' Makron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing