Fransiya Qorabog‘ bo‘yicha BMT Xavfsizlik kengashi chaqirilishini talab qildi

Olam

image

Fransiya BMT Xavfsizlik kengashining Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat bo‘yicha favqulodda yig‘ilishini talab qilmoqda. Bu haqda respublika Tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytiladi.

“Fransiya BMT Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishini talab qilmoqda. U Ozarbayjonning qabul qilib bo‘lmaydigan hujumi bo‘yicha Yevropadagi hamkorlari va Qo‘shma Shtatlar bilan maslahatlashmoqchi”, deyiladi bayonotda.

Shuningdek, Fransiya Bakuni jangovar harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishga va xalqaro qonunlarga rioya qilishga chaqirgan.

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi ham (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat keskinlashganini qoralagan va Ozarbayjonga murojaat bilan chiqqan. 

“Yevropa Ittifoqi Qorabog‘ning kontakt chizig‘i va boshqa nuqtalarida harbiy harakatlarning boshlanishini qoralaydi. Ittifoq mojarolar oqibatida tinch aholi vakillarining halok bo‘layotganidan afsusda. Biz Ozarbayjonni jangovar harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqiramiz”, deyiladi rasmiy bayonotda.

Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozep Borrelning aytishicha, Ozarbayjon mahalliy aholini Qorabog‘dan deportatsiya qilish uchun bahona to‘qimasligi zarur.

“Baku va Qorabog‘ armanlari o‘rtasidagi muloqotga shoshilinch ravishda qaytish zarur. Bu harbiy kuchayishdan mahalliy aholini majburan olib chiqib ketish uchun bahona sifatida foydalanmaslik kerak. Tinchlik muzokaralari va normallashuv uchun zo‘ravonlik to‘xtatilishi kerak. Yevropa Ittifoqi muloqotni osonlashtirishga to‘liq sodiq qoladi”, deydi Borrel.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Qorabog‘da “Ozarbayjon Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini tiklash maqsadida” mahalliy aksilterror choralari boshlanganini e’lon qilgandi. Baku tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasi nishon emasligini ta’kidlagandi. Keyinchalik Ozarbayjon Mudofaa vazirligi xavfli hududdan aholini evakuatsiya qilish uchun gumanitar yo‘laklar va qabul punktlari yaratilganini bildirgan. Voqealar fonida Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazib, (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatni muhokama qilgan. Majlisdan so‘ng, Pashinyan Armaniston Ozarbayjonning Qorabog‘ hududidagi harbiy amaliyotlarda qatnashishni rejalashtirmayotganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Qorabog'

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing