Fransiya ixtiyoriy o‘limni qonuniylashtirdi
Olam
−
16:03 560 3 daqiqa
Fransiya parlamenti og‘ir va tuzalmas kasallikka chalingan ayrim bemorlarga tibbiy yordam bilan hayotini yakunlash huquqini beruvchi qonunni qabul qildi. Bu haqda “Le Monde” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, kecha, 15 iyul kuni Fransiya Milliy Assambleyasi ushbu qonunni yakuniy o‘qishda ko‘rib chiqib, ma’qullagan. Hujjat og‘ir va tuzalmas kasallikka chalingan ayrim bemorlarga qat’iy shartlar asosida tibbiy yordam bilan hayotini yakunlash imkonini beradi. Qonun 291 deputatning “ha” ovozi bilan qabul qilingan. 241 deputat esa bunga qarshi chiqqan. 29 nafari betaraf qolgan. Shu tariqa Fransiya uzoq yillik bahs-munozaralardan so‘ng bemorning hayotining so‘nggi bosqichidagi tanlovi masalasida yangi huquqiy yo‘lni ochgan.
Ushbu qaror Prezident Emmanuel Makronning yillar davomida kechiktirib kelgan va’dalaridan biri edi. Davlat rahbari ovoz berishdan so‘ng bayonot berib, masala atrofida “jiddiy, konstruktiv va hurmatga asoslangan munozara” olib borilganini ta’kidlagan.
“2022 yilda fransuz xalqi bilan bu yo‘lni boshlashga va’da bergandim. Bugun bu majburiyat demokratiyamizga hurmat, jiddiylik va kamtarlik bilan bajarildi”, deya yozdi Makron.
Qonun loyihasi Fransiya jamiyatida keskin bahslarga sabab bo‘lgan. Chap qanot va Makron tarafdorlari asosan ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, o‘ng va o‘ta o‘ng kuchlar unga qarshi chiqqan.
Shunga qaramay, parlamentdagi barcha siyosiy guruhlar deputatlarga erkin ovoz berish imkonini bergan. Ayrim deputatlar bu qarorni inson qadr-qimmati va shaxsiy tanlov huquqi sifatida baholagan. Qarshi tomon vakillari esa qonunni “xavfli burilish” deb atab, jamiyat uchun ehtimoliy salbiy oqibatlar haqida ogohlantirgan.
Fransiya katolik cherkovi vakillari esa ushbu qarorni “mamlakat tarixidagi jiddiy burilish” sifatida baholagan.
Yangi qonun bilan Fransiya Belgiya, Niderlandiya, Kanada, Shveysariya va Urugvay kabi hayotning oxiri bilan bog‘liq shunga o‘xshash amaliyotlar mavjud bo‘lgan davlatlar qatoriga qo‘shilgan. Biroq bu huquq barcha fuqarolarga avtomatik ravishda berilmaydi. Qonunda qat’iy talablar va cheklovlar belgilangan bo‘lib, faqat ma’lum tibbiy holatlarga ega bemorlar ushbu imkoniyatdan foydalanishi mumkin.
Qonun qabul qilinishidan oldin uzoq davom etgan qonunchilik jarayonidan o‘tdi. 2024 yilda parlament tarqatib yuborilgach, mazkur tashabbusni ko‘rib chiqish vaqtincha to‘xtab qolgandi.
Keyinchalik hukumat ikki yo‘nalishdagi tashabbusni ilgari surdi: biri palliativ yordamni kengaytirish, ikkinchisi esa yordam bilan hayotni yakunlash huquqini yaratish edi. Senat esa ushbu tashabbusni uch marta rad etdi. Shundan so‘ng hukumat yakuniy qarorni Milliy Assambleyaga topshirdi.
O‘ng qanot vakillari qonun bo‘yicha bahslar hali davom etishini ta’kidlamoqda. Ayrim siyosatchilar masalani Konstitutsiyaviy kengash ko‘rib chiqishi kerakligini aytgan. Respublikachilar vakili Bruno Retayo esa kelajakda referendum o‘tkazish ehtimolini ham tilga olgan. Uning fikricha, bunday muhim masala bo‘yicha yakuniy qarorni fransuz xalqining o‘zi bildirishi kerak.
Endilikda Fransiyada ushbu qonunning amaliyotga tatbiq etilishi va uning tibbiyot hamda jamiyatga ta’siri asosiy e’tibor markazida bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Niderlandiyada 12 yoshga to‘lmagan og‘ir xastalikka chalingan bolaga nisbatan ilk bor evtanaziya (davolash imkoni bo‘lmagan og‘ir kasalliklarda bemorning roziligi bilan uning hayotini tinch va azobsiz tugatish amaliyoti) amalga oshirilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi