Eyfel minorasi rahbari “ayollar mojarosi” sabab ishdan ketadi

Olam

−

image

Fransiya poytaxti Parij shahridagi Eyfel minorasini boshqaruvchi kompaniya rahbari Patrik Branko Ruivo yil oxirida lavozimini tark etadi. Bunga Hindiston diniy delegatsiyasi tashrifi vaqtida ayol xodimlarning delegatsiyadan chetlatilgani sabab bo‘ldi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Avvalroq, Parijdagi Eyfel minorasiga Hindiston diniy delegatsiyasi tashrifi chog‘ida ayol xodimlar ish joylarini tark etishga majbur qilingani haqidagi xabarlar yuzasidan tekshiruv boshlangani haqida xabar berilgan edi. O‘sha kuni hinduizmning Svaminarayan yo‘nalishiga mansub BAPS diniy tashkiloti rohiblari Eyfel minorasiga tashrif buyurgan. Ular Parij yaqinida an’anaviy hind ibodatxonasining ochilishi munosabati bilan Fransiyada tadbirlar o‘tkazayotgan bo‘lgan.

Tashrifdan oldin Eyfel minorasi rahbariyati xodimlarga ayol ishchilar BAPS delegatsiyasi bilan aloqada bo‘lmasligi kerakligini bildirgan. Natijada ayol xodimlar delegatsiya tashrifi vaqtida ish jarayonidan chetlatilgan.

Bu holat Eyfel minorasi xodimlarining noroziligiga sabab bo‘lgan. Joriy yilning 7 sentyabr kuni xodimlar ish tashlash o‘tkazgan va 330 metr balandlikdagi mashhur inshoot tashrif buyuruvchilar uchun yopilgan.

Shundan so‘ng, voqea yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruvda joriy yilning 5 sentyabridagi tashrif bilan bog‘liq bir qator tashkiliy kamchiliklar aniqlangan. Kompaniya bu kamchiliklar ayol xodimlarning tashrifdan chetlatilishiga olib kelganini va bunday holat “nomaqbul” ekanini tan olgan.

BAPS esa ayol xodimlarni yashirish yoki delegatsiya tashrifidan chetlatishni hech qachon so‘ramaganini ma’lum qilgan.

“Tashrifdan oldin rohiblarimizning diniy amaliyotlari Eyfel minorasi rahbariyatiga tushuntirilgan. Bular rohiblarimiz amal qiladigan shaxsiy ruhiy majburiyatlardir. Ular ayollarni tashrif buyuriladigan joylardan chetlatishni talab qilmaydi”, deyiladi tashkilot bayonotida.

Eyfel minorasini boshqaruvchi kompaniya raisi Ariyel Veyl esa gender tengligini ta’minlashga qaratilgan choralar va xodimlar uchun tegishli o‘quv dasturlarini joriy etishni so‘ragan.

Ma’lumot uchun, Patrik Branko Ruivo kompaniya bosh direktori lavozimiga 2018 yil oxirida tayinlangan. U endi yil oxirida o‘z lavozimini tark etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiyada Eyfel minorasiga tegishli tarixiy spiral zinaning bir bo‘lagi auksionda qariyb 450 ming yevroga sotilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing