Eyfel minorasining bir qismi sotildi

Olam

image

Fransiyada Eyfel minorasiga tegishli tarixiy spiral zinaning bir bo‘lagi auksionda qariyb 450 ming yevroga sotildi. Bu haqda kecha, 22 may kuni Arcurial auksion uyi ma’lum qildi.

Sotilgan qism 19-asr oxiriga tegishli bo‘lib, balandligi taxminan 2,7 metr va 14 pog‘onadan iborat. U Eyfel minorasining ikkinchi va uchinchi qavatlarini bog‘lab turgan tarixiy zinaning bo‘lagi hisoblanadi.

Auksiondan oldin uning narxi 120–150 ming yevro atrofida baholangan edi, biroq anonim fransuz kolleksioneri eng yuqori taklifni berib, ushbu noyob artefaktni qo‘lga kiritdi.

Mazkur zinadan 1889 yilgi Butunjahon ko‘rgazmasi vaqtida ilk tashrif buyuruvchilar foydalangan. O‘sha paytda muhandis Gustav Eyfel tomonidan qurilgan Eyfel minorasi aynan shu ko‘rgazma uchun barpo etilgan edi.

Taxminan 1,4 tonna og‘irlikdagi bu konstruksiya 40 yildan ortiq vaqt davomida shaxsiy kolleksiyada saqlangan va keyinchalik restavratsiya qilingan.

1983 yilda modernizatsiya ishlari vaqtida bu spiral zinaning asl qismi demontaj qilingan, chunki u xavfli deb topilib, o‘rniga liftlar o‘rnatilgan.

Shundan so‘ng konstruksiya 24 bo‘lakka bo‘lingan. Uning ayrim qismlari hozirda Nyu-Yorkdagi Ozodlik haykali yonida, Yaponiyadagi muzeylar va xususiy kolleksiyalarda saqlanmoqda.

Ma’lumot uchun, Eyfel minorasi 1889 yilgi Butunjahon ko‘rgazmasi uchun vaqtinchalik inshoot sifatida qurilgan bo‘lib, dastlab u demontaj qilinishi rejalashtirilgan edi. Biroq vaqt o‘tishi bilan u Parijning eng mashhur ramziga aylangan va bugungi kunda dunyodagi eng ko‘p tashrif buyuriladigan inshootlardan biri hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Uyg‘onish davri rassomi va haykaltaroshi Mikelanjelo Buonarrotining kartinasi “Christie’s” kimoshdi savdosida 27,2 million dollarga sotilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Eyfel minorasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing