Fransiya FF Infantinoni qo‘llab-quvvatlashdan voz kechadi 

Sport

image

Fransiya futbol federatsiyasi (FFF) bo‘lajak FIFA prezidenti saylovida amaldagi prezident Janni Infantino nomzodini qo‘llab-quvvatlashdan voz kechadi. Bu haqda masaladan xabardor manbaga tayanib, “Agence France-Presse” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, federatsiyaning qarori bugun, 10 sentyabr kuni tushdan keyin ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishi yakunlanganidan so‘ng e’lon qilinadi.

Joriy yilning iyul oyida Infantino FIFA’ning asosiy erkaklar va ayollar musobaqalarini nazorat qiladigan kompaniya tashkil etishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘lgan edi. Uning fikricha, FIFA Forward Enterprise kompaniyasining tashkil etilishi FIFA a’zo assotsiatsiyalarining daromadlarini oshirishi va butun dunyoda futbol rivojiga hissa qo‘shishi mumkin edi.

FIFA mazkur sxema orqali 4,2 milliard dollar mablag‘ jalb qilinishi mumkinligini bildirgan. Biroq tashabbus amaldorlar, federatsiyalar va boshqa tashkilotlar tomonidan keng tanqid qilindi va qoralandi.

Xususan, Infantinoning taklifi UEFA, KONKAKAF, OFK va CONMEBOL tomonidan rad etildi. Keyinchalik Afrika futbol konfederatsiyasi, Argentina futbol assotsiatsiyasi va qator boshqa milliy federatsiyalar Infantinoni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, 56 yoshli Infantino 2016 yil fevral oyida o‘tkazilgan navbatdan tashqari kongressda FIFA prezidenti etib saylangan. Keyinchalik u ikki marta raqobatsiz tarzda qayta saylandi.

FIFA prezidentining navbatdagi saylovi 2027 yil mart oyida bo‘lib o‘tadi. Nomzodlarni taqdim etishning so‘nggi muddati joriy yilning 18 noyabr etib belgilangan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing