Fransiya Falastinni rasman tan olishga tayyor – Makron

Olam

image

Parij Falastinni davlat sifatida rasman tan olishga tayyor. Bu haqda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron X sahifasida yozib qoldirdi.

Uning aytishicha, ushbu qaror rasman sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining yangi sessiyasida e’lon qilinadi. 

Makronning ta’kidlashicha, Falastin davlatini tan olish quyidagi shartlar asosida bo‘lishi kerak – to‘liq harbiy neytrallik (ya’ni qurolsizlanish) va Falastin tomonidan Isroilning mutlaq tan olinishi. Unga ko‘ra, mustaqil Falastin Yaqin Sharqdagi barqarorlikni ta’minlashda konstruktiv rol o‘ynashi mumkin.

“Fransiyaning adolatli va mustahkam tinchlikni ta’minlash borasidagi tarixiy majburiyatiga sodiq qolgan holda men Falastinni tan olish to‘g‘risida qaror qabul qildim. Bu haqda sentyabrda rasmiy bayonot beraman”, deya yozgan Fransiya Prezidenti. 

U, shuningdek, ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Falastin Prezidenti Mahmud Abbosga yo‘llagan xatini ham ilova qilgan. 

Makron tomonlarni zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish, barcha garovga olinganlarni ozod qilish va G‘azo sektoriga keng ko‘lamli gumanitar yordam ko‘rsatishga chaqirgan. U HAMAS harakatining qurolsizlantirilishi, infratuzilmaning qayta tiklanishi va mintaqadagi xavfsizlik kafolatlarining muhimligini alohida ta’kidlagan. 

Falastin tomoni fransuz yetakchisining bu qarorini allaqachon qo‘llab-quvvatlagan. Biroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bu qadamni 2023 yil 7 oktyabrda HAMAS tomonidan uyushtirilgan hujumdan keyin “terrorizm uchun mukofot” deb atagan.

“Hozirgi sharoitda Falastin davlatini tuzish bu tinchlik sari qadam emas, balki Isroil uchun tahdiddir. Falastinliklar Isroil bilan yonma-yon yashashni emas, balki uni o‘rnini egallashni xohlaydi”, deyiladi Isroil tomonining bayonotida. 

Ma’lumot uchun, bugungi kunga kelib, BMTga a’zo 193 davlatdan 140 dan ortig‘i Falastinni tan olgan. So‘nggi bor 2024 yilda Ispaniya, Irlandiya va Norvegiya ushbu ro‘yxatga qo‘shilgan edi. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Fransiya rahbari Falastinni tan olish kerakligini bir necha bor aytgandi. Ilk bor u iyun oyida o‘zi hamraislik qiladigan ikki davlat yechimi bo‘yicha xalqaro konferensiya doirasida Fransiya Falastin davlatini tan olishi mumkinligini aytgandi. Keyinchalik “Israel hayom” nashri ham Saudiya Arabistoni va Fransiya joriy yilning iyun oyida Isroil ishtirokisiz Birlashgan Millatlar Tashkiloti homiyligida Nyu-Yorkda Falastin davlatini tan olish bo‘yicha xalqaro anjuman o‘tkazishi haqida maqola e’lon qildi. Nashrning yozishicha, ushbu anjumanda Falastin davlatini tan olish bo‘yicha aniq muddatlar va ijro mexanizmlarni o‘z ichiga olgan keng qamrovli yo‘l xaritasi ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.  Biroq tadbir keyinga qoldirildi.
Qolaversa, 19 may kuni kechqurun uch davlat rahbarlarining qo‘shma bayonotida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron hamda Buyuk Britaniya va Kanada Bosh vazirlari Kir Starmer va Mark Karni Isroilning G‘azoda jangovar harakatlarni qayta boshlaganiga keskin qarshi chiqdi hamda Isroil hukumatini “jirkanch bayonotlari” uchun tanqid qilgandi. Netanyaxu, o‘z navbatida, ba’zi G‘arb davlatlari rahbarlarining bunday bayonotlari o‘rinsiz, degan fikrni bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Frantsiya Emmanuel' Makron Falastin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing