Fransiya Durovga “aylanib kelishga” ruxsat berdi
Olam
−
28 may 4984 1 daqiqa
Telegram asoschisi Pavel Durov iyun oyining birinchi haftasida Dubayda bo‘lishini va oldinda “yaxshi yangiliklar” kutayotganini e’lon qildi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
Durovning Birlashgan Arab Amirliklariga (BAA) safar qilishi Fransiya tomonidan unga mamlakatni tark etishga ruxsat berilganini anglatadi. Hozirda Fransiya rasmiylari Telegram’dagi kontentni yetarlicha himoyalanmasligi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikdan bosh tortgani uchun Durovga nisbatan tergov olib bormoqda.
Fransiya va Birlashgan Arab Amirliklarining fuqarosi bo‘lgan Durov 2024 yilning avgustida Fransiya aeroportida hibsga olinganidan beri Fransiyada sud nazorati ostida bo‘lib kelgan. Sentyabr oyida unga o‘zi boshqaradigan shifrlangan xabar almashish platformasi Telegram orqali noqonuniy faoliyat bilan bog‘liq oltita ayblov bo‘yicha rasman ayblov e’lon qilingan.
Tergov jarayonida Durov 15 mart kunidan 7 aprel kunigacha Dubayda bo‘lgan. Biroq boshqa xorijiy safarlarga chiqishiga ruxsat berilmagan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Pavel Durov rasmiy Parijni Ruminiyadagi saylovlarga ta’sir o‘tkazishga urinishda ayblagandi. Rasmiy Parij esa bu ayblovlarni qat’iyan rad etdi va barchani mas’uliyat va Ruminiya demokratiyasini hurmat qilishga chaqirdi. Shundan so‘ng, Parij Durovning potensial investorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish uchun AQSHga borishiga ruxsat bermadi va bu safar uchun asos yo‘qligini bildirdi.
Live
Barchasi