Fransiya Armanistonga Ozarbayjonga qarshi harbiy yordam bermoqchi
Olam
−
04 Oktabr 2023 5914 2 daqiqa
Fransiya Armaniston bilan harbiy yordam yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolashga tayyor. Bu haqda Fransiya Tashqi ishlar vaziri Katrin Kolonna armanistonlik hamkasbi Ararat Mirzoyan bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
“Biz xavfsizlik sohasida ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qildik. Fransiya kelajakda Armaniston bilan o‘z xavfsizligini ta’minlashi uchun harbiy mahsulotlar yetkazib berishga imkon beradigan shartnoma tuzishga rozi bo‘ldi”, deydi Kolonna.
Fransiya diplomatiyasi rahbari potensial kelishuv haqida batafsil ma’lumot bera olmasligini aytdi. Shunga qaramay, uning so‘zlariga ko‘ra, Parij va Yerevan o‘rtasida bir qator masalalar allaqachon kelishib olingan. U, shuningdek, Armaniston va Ozarbayjon chegarasida Yevropa kuzatuvchilari missiyasi kengaytirilganini ma’lum qildi.
“Shuningdek, men [Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari] Jozep Borrelga Armanistonni Moldova misolida bo‘lgani kabi YeIdan tinchlik o‘rnatishda vositachilik yordamini oladiganlar qatoriga kiritish haqida yozma so‘rov yubordim. Biz Armanistonning hududiy yaxlitligini shubha ostiga qo‘yishga urinib, shunday signallarni yuborganimizdek, Yevropa Ittifoqi va unga a’zo davlatlar aniq signallar yuborishlarini istardim. Bu kontekstdagi har qanday xatti-harakat qat’iy munosabat bilan kuzatilishi kerak. Umid qilamanki, biz boshqa hamkorlarimiz va ittifoqchilarimizning munosabatiga ishonishimiz mumkin, albatta, men Qo‘shma Shtatlarni nazarda tutyapman”, deya qo‘shimcha qildi vazir.
Qorabog‘dagi vaziyatning keskinlashuvi
19 sentyabr Qorabog‘da yana bir keskinlik boshlandi. Bakuda harbiy operatsiya boshlangani e’lon qilindi. Yerevan sodir bo‘layotgan voqealarni “keng ko‘lamli tajovuz” deb atadi. Rossiya va AQSH mojaro tomonlarini qon to‘kilishini to‘xtatib, diplomatik kelishuvga qaytishga chaqirdi. 20 sentyabr kuni harbiy harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuvga erishildi va ertasi kuni Ozarbayjonning Yevlax shahrida Baku va Qorabog‘ arman aholisi vakillarining reintegratsiya masalalarini muhokama qilish uchun uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
28 sentyabr kuni tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi prezidenti Samvel Shahramanyan 2024 yil 1 yanvardan uning faoliyatini tugatish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Aholiga Baku taklif qilgan reintegratsiya shartlarini ko‘rib chiqish va qolish imkoniyati to‘g‘risida mustaqil qaror qabul qilish buyurildi.
Armaniston hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, yaqin vaqtgacha 120 mingga yaqin aholi istiqomat qilgan Tog‘li Qorabog‘dan Armanistonga 100 520 nafar ichki ko‘chirilganlar kirib kelgan.
Live
Barchasi