Frank-Valter Shtaynmayer: O‘zbekistondagi investitsiyaviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlaymiz
Jamiyat
−
29 may 2019
3203O‘zbekistonda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohligida “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida tashkil etilgan O‘zbekiston – Germaniya ishbilarmon doira vakillari yig‘ilishida ishtirok etdi.
Germaniya iqtisodiyotning sanoat va texnologik tarmoqlari bo‘yicha jahonda ilg‘or davlatlardan biri sanaladi. Mamlakat tovar eksport qilish va xomashyo import qilish bo‘yicha ham dunyoda yetakchi o‘rinlarda turadi.
Bugungi kunda avtomobil, kimyo, elektrotexnika, aviakosmik, qurilish va oziq-ovqat sanoati Germaniya iqtisodiyoti barqaror o‘sishini ta’minlovchi asosiy tarmoqlar bo‘lib kelmoqda. 2018 yilda YAIM umumiy hajmi bo‘yicha mamlakatlar reytingida Germaniya qariyb 3,3 trillion yevro ko‘rsatkich bilan uchinchi o‘rinni, xarid qobiliyati bo‘yicha YAIM hajmiga qaraganda reytingda beshinchi o‘rinni egallagan.
O‘zbekistonda germaniyalik investorlar ishtirokida 130 dan ortiq firma va kompaniyalar faoliyat yuritmoqda. Ulardan 30 dan ziyodi yuz foiz nemis kapitali asosida tuzilgan, yana shunchasi yurtimizda o‘z vakolatxonasini ochgan. O‘zbekiston milliy banki Germaniyaning 57 ta banki bilan aloqa o‘rnatgan. Toshkentda “Doyche-bank” bo‘limi tashkil etilgan.
Mamlakatda “MAN” konserni bilan sheriklikda zamonaviy yuk avtomobillari, “Claas” va “Lemken” kompaniyalari bilan qishloq xo‘jaligi texnikalari, “Knauf” bilan qurilish materiallari, “Deutsche Kabel” bilan kabel-o‘tkazgich mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Germaniyalik mutaxassislar ishtirokida “Qarshi – Termiz” temir yo‘li elektrlashtirilmoqda.
O‘zbekiston – Germaniya ishbilarmonlar kengashi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar oqimini ko‘paytirish bo‘yicha izchil ish olib bormoqda. Moliyaviy-texnikaviy hamkorlik borasida maslahatlashuvlar, savdo va investitsiyalar, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha hukumatlararo ishchi guruhlar majlislari o‘tkazilmoqda.
“O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan jadal islohot va o‘zgarishlarni kuzatib borayapmiz. Iqtisodiyotni izchil rivojlantirish, qo‘shni mamlakatlar bilan aloqalarni yanada yaxshilash borasidagi ishlardan xursandmiz. Mamlakatingizdagi investitsiyaviy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, ilg‘or tajribalar bilan o‘rtoqlashishga doimo tayyormiz”, dedi Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer.
O‘zbekiston va Germaniya tadbirkorlarining turli sohalardagi qo‘shma loyihalari va ularni amalga oshirish, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Qator muhim kelishuvlarga erishildi va bitimlar imzolandi. Ular energetika, gaz-ximiya, informatsion texnologiya, bank-moliya, ta’lim, atom energetikasi kabi ustuvor yo‘nalishlarni qamrab olgan.
Yuqori iqtisodiy salohiyatga ega Germaniya bilan o‘zaro savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy aloqalarni kengaytirishda mamlakatimizning boy tabiiy zaxiralari, inson kapitali, tarmoqlarga ega infratuzilmasi, qulay investitsiya muhiti asos bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.