O‘rtadagi 25 yillik muzlar eridi – Ilhom Ne’matov

Jamiyat

image

2016 yildan keyin olib borilgan islohotlar natijasida O‘zbekiston siyosiy va iqtisodiy izolyatsiyadan xalos bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov bugun, 14 fevral kuni o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi. 

“Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan tasdiqlangan “Harakatlar strategiyasi”da ko‘rsatilgan ochiq, do‘stona va o‘zaro hurmatgan tayanilgan pragmatik siyosat oldinga siljiyapti va bu amalda ko‘rinyapti. Mana shu ochiq siyosat tufayli keyingi 25 yil ichida biz kirgan siyosiy, iqtisodiy izolyatsiyadan to‘la ozod bo‘ldik”, deydi Ilhom Ne’matov. 

 

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 24 yanvar kuni Oliy Majlis palatalariga yo‘llagan murojaatida Markaziy Osiyo mamlakatlari, yaqin qo‘shnilar bilan aloqalar bundan keyin ham mustahkamlanishiga to‘xtalgan edi. 

“Markaziy Osiyo mintaqasidagi mamlakatlar bilan barcha sohalarda o‘zaro do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik ruhidagi munosabatlarni mazmun va sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishimiz zarur”, degan edi Davlat rahbari. 

Ilhom Ne’matov Prezident Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston va boshqa mamlakat o‘rtasiga tushgan sovuq munosabat yakun topgani, muzlar eriganini qayd etdi. 

“Prezidentimiz Toshkent viloyati hokimiyatida o‘tgan yig‘ilishdagi ma’ruzalarida “biz hali Markaziy Osiyo davlatlari bilan keyingi 25 yil davomida o‘rtamizda paydo bo‘lgan katta muzni eritish uchun juda ko‘p ish qilishimiz kerak”, degan edilar. Haqiqatan ham bu gaplar amalda bo‘ldi. O‘rtadagi muz eritildi. Bu Tashqi siyosatimizda Markaziy Osiyo bo‘yicha juda katta burilish bo‘lib, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan aloqalarimiz yuqori pog‘onaga chiqdi va ikki tomonlama manfaatli aloqalar bir maromda rivojlanib bormoqda”. 

 

Ilhom Ne’matov so‘zida davom etarkan, 2017 yildan buyon amalga oshirilgan islohotlar natijasida Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash bir necha barobarga o‘sganini qayd etdi. Misol uchun 2017 yilgacha Qirg‘iziston bilan o‘zaro tovar ayirboshlash 100 million dollardan oshmagan bo‘lsa, bugun qariyb 700 million dollarni tashkil etmoqda. Yoki Qozog‘iston bilan o‘zaro tovar ayirboshlash 2 milliardga ham yetmagan bo‘lsa, bugungi kunga kelib bu miqdor 3 milliarddan ham oshib ketgan. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Ilhom Ne'matov

Baholaganlar

107

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing