Erondan uchgan ilk samolyot Toshkentga kelib qo‘ndi

Jamiyat

image

Avvalroq, bugun, 9 dekabrdan e’tiboran O‘zbekiston va Eron o‘rtasida aviaqatnovlar tiklangani haqida xabar bergan edik. 

Eronning “Zagros Airlines” aviakompaniyasi tomonidan  “Tehron-Toshkent-Tehron” yo‘nalishi bo‘ylab uchgan samolyot Islom Karimov nomidagi "Toshkent" xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi. Delegatsiya Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi rahbariyati  tomonidan tantanali kutib olindi. 

Eron aviakompaniyasi dastlabki bosqichda mazkur yo‘nalishdagi parvozlarni haftasiga bir marta bajaradi, keyinchalik parvozlar muntazamliligi haftasiga ikki martaga yetkazilishi rejalashtirilgan. P

arvoz 148 kishini o‘zida sig‘dira oluvchi Airbus A320 samolyotida amalga oshirildi. Reysning ilk yo‘lovchilari Eron Islom Respublikasining hukumat vakillari hamda turoperatorlarlar bo‘lgan. 

Ta’kidlash lozimki, Eron va O‘zbekiston o‘rtasidagi oxirgi reys 2016 yilda amalga oshirilgan. O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi muntazam parvozlarning tiklanishi ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va sayyohlik sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga turtki beradi.

Statistik ko‘rsatkichlarga ko‘ra, Erondan O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar soni 25 foizga oshgan. Shu yilning yanvar-noyabr oyida O‘zbekistonga 3124 nafar Eron fuqarosi turizm maqsadida tashrif buyurgan, 2018 yilning xuddi shu davrida esa bu ko‘rsatkich 2507 kishini tashkil qilgan. 

Ma’lumot uchun, Eron Islom Respublikasining “Zagros Airlines” aviakompaniyasi 2005 yilda Obodon shahrida tashkil etilgan. Aviakompaniya Mehrobod va Obodon xalqaro aeroportlaridan o‘zining operatsion bazasi sifatida foydalanadi. “Zagros Airlines” aviakompaniyasi bugunga kelib Armaniston (Yerevan), Ozarbayjon (Baku), Iroq (Najaf, Bog‘dod), Turkiya (Istanbul, Izmir) va BAA (Dubay) davlatlariga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘ygan.


Maqola muallifi

Teglar

Eron aeroport

Baholaganlar

86

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing