Ar-Riyod aeroportiga yana hujum qilindi. Qurbon bor
Olam
−
12:38 1439 2 daqiqa
Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod xalqaro aeroportiga kecha, 11 oktyabr kuni yana hujum uyushtirildi. Oqibatda 1 kishi halok bo‘ldi, yana 11 kishi jarohatlandi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya kuchlari ma’lum qilishicha, aeroportning 4-terminaliga noma’lum snaryad kelib tushishi oqibatida yong‘in chiqqan. Shuningdek, mamlakat havo hujumidan mudofaa tizimlari Podshoh Xolid xalqaro aeroporti yaqinida qanotli raketani tutib qolgan.
Keyinchalik Saudiya Arabistonining Sharqiy viloyatida dron urib tushirilgani, Xamis-Mushayt shahri tomon uchirilgan ballistik raketa ham havoda yo‘q qilingani ma’lum bo‘lgan. Mamlakat janubidagi Abha shahrida ham favqulodda ogohlantirish e’lon qilingan. Biroq ko‘p o‘tmay xavf bartaraf etilgan.
Bu Ar-Riyod aeroportiga bir kun ichida ikkinchi hujum bo‘lgan. Joriy yilning 10 oktyabr kuni uyushtirilgan avvalgi hujum oqibatida 13 kishi halok bo‘lgan, 300 dan ortiq odam jarohatlangan edi. Saudiya rasmiylariga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida to‘rt nafar mamlakat fuqarosi bo‘lgan, qolganlari xorijliklardir. O‘sha hujumdan keyin aeroport faoliyati to‘xtatilgan va 11 oktyabr kuni ham yopiq qolgan.
Yamandagi husiylar harakatining harbiy vakili Yahyo Sari 11 oktyabr kuni televideniye orqali qilgan chiqishida 10 oktyabr kungi hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan. Shuningdek, u Saudiya Arabistonining Sharqiy viloyatidagi Dammam xalqaro aeroportiga va Saudi Aramco neft kompaniyasining ikkita ob’ektiga ham zarba berilganini aytgan.
Saudiya Arabistoni fuqaro aviatsiyasi idorasi Dammamdagi Podshoh Fahd xalqaro aeroportiga hujum qilinganini tasdiqlagan. Hozirda aeroport inshootlariga yetkazilgan zarar baholanmoqda va xavfsizlik tekshiruvlari olib borilmoqda.
“Reuters“ bilan suhbatlashgan guvohning aytishicha, 11 oktyabr kuni kechqurun aeroportdagi samolyotlar yaqiniga snaryad tushib, yong‘in chiqqan. Shundan so‘ng, samolyot terminalga qaytarilgan, yo‘lovchilar tushirilib, aeroportni tark etishlari so‘ralgan. Parvozlarni kuzatish xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Dammam aeroportida ayrim reyslar kechiktirilgan yoki bekor qilingan.
Husiylar Saudiya Arabistonini Yamandagi harbiy amaliyotlari uchun ham ogohlantirgan. Harakat vakillari so‘nggi 24 soat ichida Saudiya Arabistoni Yaman hududiga 124 ta havo zarbasi berganini da’vo qilgan.
“Saudiya dushmani Yamanga qarshi tajovuz va aralashuvini to‘xtatmasa, bundan ham yomon voqealar yuz beradi”, deyiladi husiylar nazoratidagi Yaman Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saudiya Arabistonida husiylar tomonidan amalga oshirilgani aytilgan ikki hujum oqibatida 3 nafar fuqaro halok bo‘lib, 36 kishi jarohatlangandi.
Live
Barchasi