Tramp AQSH ma’lum muddatgacha Eronga hujum qilmasligini aytdi
Olam
−
10:16 457 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yil noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan oraliq Kongress saylovlarigacha Eronga hujum qilinmasligini bildirdi. Uning aytishicha, Vashington va Tehron o‘rtasida urushni tugatish bo‘yicha samarali muzokaralar olib borilmoqda. Bu haqda u o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozib qoldirdi.
“Biz Eron Islom Respublikasi bilan samarali muzokaralar olib bormoqdamiz. AQSHda 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlargacha Eronga hujum qilmaymiz”, deb yozgan Tramp.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 3 noyabr kuni AQSHda oraliq Kongress saylovlari bo‘lib o‘tadi. Unda Vakillar palatasining barcha 435 o‘rni hamda Senatning uchdan bir qismi uchun saylov o‘tkaziladi. Oraliq saylovlar prezidentlik saylovlari oralig‘ida, prezidentning to‘rt yillik vakolat muddati o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Saylov natijalari Kongressning har ikki palatasida qaysi partiya ko‘pchilikni tashkil etishini belgilaydi.
Eslatib o‘tamiz, AQSH va Isroil fevral oyida Eronga zarbalar berishni boshlagan. Olti oydan beri davom etayotgan urush Trampning mamlakat ichidagi reytingiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Mojaro noyabr oyidagi saylovlarda Kongressdagi ko‘pchilik o‘rnini saqlab qolishga urinayotgan respublikachilar uchun ham muammoga aylangan.
So‘nggi haftalarda AQSH va Eron urushni tugatish hamda jahon energetika ta’minoti uchun muhim bo‘lgan Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochish bo‘yicha takliflar almashgan. Biroq Tramp Eronning so‘nggi taklifini rad etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens Eron AQSH bilan urushni tugatish uchun uranni boyitish quvvatlarini sezilarli darajada qisqartirishi kerakligini aytgan edi.
Live
Barchasi