“Urush boshlandi”. AQSH Arab dengizida Eron dronini urib tushurdi
Olam
−
04 fevral 32309 2 daqiqa
Amerika Qo‘shma Shtatlari harbiylari Arab dengizi hududida Eronga tegishli bo‘lgan uchuvchisiz uchish apparatini (dronni) urib tushirganini rasman ma’lum qildi.
Mazkur hodisa mintaqada AQSH harbiy ishtirokining kuchaytirilishi, havo tahdidlariga qarshi choralar ko‘rish va xalqaro dengiz savdo yo‘llari xavfsizligini ta’minlash fonida sodir bo‘lgan. Shu bilan birga, Vashington va Tehron o‘rtasidagi keskinlik yangi bosqichga kirganini ko‘rsatmoqda.
So‘nggi voqealarga munosabat bildirgan AQSH Markaziy qo‘mondonligi rahbari, general Bred Kuper Eron tomonidan xalqaro suvlar va havo hududlarida yuzaga keltirilayotgan doimiy bosim va tahdidlarni endi toqat qilib bo‘lmasligini ta’kidlagan.
Markaziy qo‘mondonlik vakili, kapitan Tim Xokins ikki harbiy to‘qnashuv tafsilotlarini ochiqlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, kecha, 3 fevral kuni AQSHning F-35S rusumli qiruvchi samolyoti Eronning Shahed-139 turidagi dronini urib tushirgan. Ushbu dron Arab dengizida harakatlanayotgan USS Abraham Lincoln aviatashuvchi kemasi tomon yaqinlashgan.
Aviatashuvchi kema Eronning janubiy qirg‘oqlaridan taxminan 500 mil uzoqlikda joylashgan. AQSH tomoni vaziyatni keskinlashtirmaslikka uringaniga qaramay, dron harakatini to‘xtatmagan va dron yo‘q qilingan, AQSH harbiy xizmatchilari va texnikasi esa zarar ko‘rmagan.
Birinchi hodisadan bir necha soat o‘tib, keskinlik Hormuz bo‘g‘oziga ham ko‘chgan. Bu yerda Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi dengiz kuchlari ikki tezkor kater va bitta dron yordamida AQSH bayrog‘i ostida suzayotgan “ Stena Imperative” nomli tijorat neft tankeriga tahdid qilgan.
Xabarlarga ko‘ra, Eron kuchlari tankerga yaqinlashib, uni ushlab qolishni rejalashtirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon AQSH bilan muzokaralarga tayyorgarlik boshlanganini ma’lum qilgandi.