O‘zbekiston masofaviy ish va onlayn ta’limga tayyormidi?

Jamiyat

O‘zbekistonda yangi turdagi koronavirus COVID-19 pandemiyasi davrida ko‘proq qaysi sohalarga e’tibor qaratilishi kerak ediyu biroq bunday bo‘lmadi? Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati – “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Akmal Burxonov QALAMPIR.UZ bilan o‘tkazgan onlayn-muloqotida shunday deydi: 

“Pandemiya sharoitida ko‘proq e’tibor berish kerak bo‘lgan, lekin e’tibor berilmagan sohalar haqida gapirmoqchiman. Birinchisi, pandemiya sharoitidagi oliy ta’lim. Ikkinchisi, pandemiya sharoitidagi axborotlashtirish.  Oddiy misol, bugun siz bilan bog‘lanishimiz uchun aloqa yaxshi emasligidan qancha vaqtimiz ketdi. Bu sohalar qay darajada tayyor emasligini, ikkinchidan ular harakat qilmayotganini ko‘rdik. Mana shu tahlikali davrda bu sohalar sharoitlar yaratib berishga birinchi o‘rinda eng katta harakatni qilishi kerak edi. 

Raqamlashtirish jarayonida ta’limga oid ko‘plab murojaatlar bizga ham kelib tushyapti. Onlayn ta’limga o‘tish kerak, onlayn ulaninglar deyishyapti. Lekin na interneti bor, nu unga to‘laydigan mablag‘i bor. Qars ikki qo‘ldan chiqadi. Oliy ta’lim vazirligi va Axborot texnologiyalar va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi o‘zaro kelishmaydimi? Yoki bo‘lmasa uyali aloqa kompaniyalari. Mana buni chetda qolyapti, desa bo‘ladi. Masalan, men uyali aloqa kompaniyalaridan tashabbusni ko‘rganim yo‘q. Hatto, davlat tasarrufidagi UZTELECOM, UZONLINE ham qanchadir mb berish bilan cheklanib qolyapti. U ham ayrim toifadagilar”. 

Ko‘plab mamlakatlarda kompyuter va uyali telefonlardagi dasturlar – videokonferets aloqa orqali ta’lim olishga juda tez kirishildi. Buning asosiy omillaridan biri esa ta’lim beruvchi va ta’lim oluvchining sifatli internet bilan ta’minlangani. Bunda ta’lim telekanallardagi darslardan farq qiladi. Unda o‘quvchilar bilan muloqot qilish, savollarga javob olish, darslarini tekshirish mumkin. O‘zbekistonda internet narxi arzon emas. Ammo narxga yarasha xizmat ko‘rsatilyaptimi? O‘tgan bir oyda O‘zbekistonda karantin choralarining kuchaytirilishi mamlakatda internetga bo‘lgan ehtiyojning ortishiga sabab bo‘ldi. Akmal Burxonov bu haqda shunday deydi:

“Ta’lim sohasi – maktabgacha ta’limdan oliy ta’limgacha va axborot texnologiyalari bugungi kundagi o‘zgarishlar bilan mos ravishda rivojlanmaganini ko‘rdik. O‘z xoliga tashlab qo‘yilgani,  an’anaviy tizimda qolib ketgani, buni to‘g‘ri deb o‘ylashganini ko‘rdik. O‘ylaymanki, mutasaddilar bugungacha bo‘lgan tizimni noto‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani va bugun mana shu paytga kelganda o‘zgarishga tayyor emasliklarini tushunib yetganlar, deb o‘ylaymiz. Chunki bu Prezident darajasida ham, parlament darajasida ham bir necha bor ko‘tarilgan masala. Ta’lim sohasida maktabagacha ta’limmi yo oliy ta’lim, ular bizga bizniki eng zo‘r tizim, onlayn ta’limda ham, masofaviyda ham juda ko‘p ta’limlar bo‘lyapti deb singdirib kelishgan. Axborot texnologiyalari ham xuddi shunday”.

Karantin davrida mamlakatda mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha korxona va tashkilotlarga ishni imkon qadar masofadan tashkil etish vazifasi qo‘yilgan edi. Xo‘sh, ishni masofaviy tashkil etishga tayyormidik? Bunda qaysi dasturlardan foydalanish bo‘yicha tajribamiz bormidi? Burxonovga ko‘ra, hatto, parlamentda va Hukumatda ZOOM dasturidan bexabarlar bo‘lgan. 

“Bir gap aytaymi? ZOOM tizimini, hatto, parlamentda ham, Hukumatda ham hali shunday dastur haqida bilmaganlar borligi meni achintirdi. Tan olib aytish kerak. Menga hamkasblarim yoki Hukumatdagilar “onlayn konferensiya qilmoqchimiz, qaysi tizimdan foydalansa bo‘ladi?”, deb murojaat qilishadi. Ko‘p yillar bu qanday bo‘lgan? Oldindan yozib olib, konferensiyalarda qo‘yib berardik. To‘g‘ri, masalaning boshqa tarafi ham bor: imkoniyatlarimiz, axborot texnologiyalari. Men ijobiy narsa olish uchun koronavirus pandemiyasi bizga dars bo‘ladi va shu sohalarning o‘zgarishiga ham turtki bo‘ladi, deb o‘ylayman”.

Ushbu videointervyuni yuqoridagi videopleyerda va YouTube’dagi sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin. 


Maqola muallifi

Teglar

Akmal Burxonov onlayn ta'lim

Baholaganlar

66

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing