Turkiyadagi zilziladan jabrlanganlar orasida o‘zbekistonliklar bormi?
Olam
−
26 yanvar 2020
5901Turkiyadagi kuchli zilzila oqibatida O‘zbekiston fuqarolari halok bo‘lmagan va jabrlanmagan. Bu haqda TIV mamlakatning Anqara shahridagi elchixonasi bergan ma’lumotga asoslanib xabar qildi.
“2020 yilning 24 yanvar kuni Turkiyaning sharqida sodir bo‘lgan kuchli zilzila oqibatida vafot etgan va jarohatlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari qayd etilmagan”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, vaziyat elchixona va Istanbul shahridagi bosh konsulxona nazorati ostida.
Konsullik huquqiy departamenti Turkiya hududida bo‘lib turgan fuqarolar zarur vaziyatlarda mamlakatning Anqara shahridagi elchixonasiga (tel.: +90 312-441-17-46, +90 312-441-38-71/72) yoki Istanbul shahridagi bosh konsulxonasiga (tel.: +90 212-323-20-37, +90 212-229-00-75) murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, 24 yanvar kuni Elyazig‘, Malatya va Diyorbakir viloyatlarida 6,8 balli zilzila qayd etilgan edi. Bugun, 26 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 5:22 da Malatyada 4,3 balli, soat 5:47 da Elyazig‘da 3,9 balli navbatdagi yer silkinishlari kuzatildi.
24 yanvar kuni sodir bo‘lgan kuchli zilzila oqibatida ko‘plab binolar vayron bo‘ldi. Qurbon bo‘lganlar 31 nafarga yetdi.
Zilzila Elyazig‘ viloyatining Sivrij shahrida soxir bo‘lgan. Zilzila o‘chog‘i 7 km yer ostida bo‘lgan. Zilziladan keyin 2,7 dan 5,4 magnitudagacha 118 ta aftershok qayd qilingan.
Ushbu zilzila kuchini Turkiyada 500 mingga yaqin odam va qo‘shni Iroq, Suriya va Livan aholisi sezgan.
LiveBarchasi