Yaman ikkiga bo‘lindimi?
Olam
−
27 aprel 2020
8974Bir guruh jangarilar tomonidan tuzilgan Janubiy Yamanning o‘tish davri kengashi o‘zini o‘zi boshqarish rejimini e’lon qildi. Shuningdek, o‘z “hududi“ bo‘ylab favqulodda holat e’lon qildi.
Kengashning ta’kidlashicha, Yaman hukumati korrupsiyaga aralashgan va o‘z majburiyatlarini buzmoqda. Shuningdek, ularning aytishicha, Yaman tashqi ishlar vaziri Muhammad al-Hadramiy Saudiya Arabistonini aniq pozitsiyani egallashga va Janubiy o‘tish kengashiga qarshi choralar ko‘rishga chaqirgan. Shundan kelib chiqib Janubiy Yaman o‘tish hukumati o‘z-o‘zini boshqarish rejimiga o‘tganini e’lon qilgan.
Avvalroq, ommaviy axborot vositalari Aden va unga qo‘shni shaharlarda kuchli yomg‘ir va ular keltirib chiqargan kuchli toshqinlar tufayli og‘ir ahvolga tushib qolgani haqida xabar berishdi. Mahalliy aholi rasmiylarni ularga yordam berishga chaqirgan. Hozircha hukumat ularga hech qanday yordam bermagani ta’kidlanmoqda.
2019 yil noyabr oyida Yamanning butun dunyoga tan olingan hukumati Riyodda Birlashgan Arab Amirliklari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Janubiy Yaman o‘tish kengashi a’zolari bilan tinchlik shartnomasini tuzdi. Hujjatga ko‘ra, ilgari Xusiylarga qarshi kurashda ittifoqdosh bo‘lgan partiyalar janubiy va shimoliy viloyatlardan teng ravishda yagona hukumatni tuzishlari kerak. Janubiy kengash a’zolari esa oldin ishg‘ol qilingan janubiy hududlar, shu jumladan Aden shahrining rahbariyatini hukumatga topshirishlari kerak edi.
Yamandagi qurolli mojaro 2014 yil mart oyidan beri davom etmoqda. Saudiya Arabistoni unga 2015 yilda aralashgan. Rasmiy ar-Riyod boshchiligidagi Arab koalitsiyasi Yaman Prezidenti Abdu Rabbo Mansur Hadiy qo‘shinlarini qo‘llab-quvvatlamoqda.
LiveBarchasi