Husiylar Yamandagi prezident saroyiga zarba berdi

Olam

−

image

Bugun, 15 oktyabr kuni “Ansorulloh” (husiylar) harakati Yamanning vaqtinchalik poytaxti vazifasini bajarayotgan Adan shahridagi “Al-Maashiq” saroyiga hujum qildi. Bu haqda harbiy manbaga tayanib, husiylar nazoratidagi SABA agentligi xabar berdi.

“Yaman qurolli kuchlari Adandagi Maashiq saroyida joylashgan, saudiyalik ofitserlar tomonidan boshqariladigan harbiy operatsiyalar shtabiga, shuningdek, unga aloqador qurol-yarog‘ omborlariga zarba berdi”, deydi manba.

Husiylarning rasmiy vakili Yahyo Sarianing bildirishicha, ushbu zarba Saudiya kuchlarining har qanday joydagi ko‘chishlariga zarba berish bo‘yicha e’lon qilingan strategiya doirasida amalga oshirilmoqda.

Ma’lumot uchun, “Al-Maashiq” saroyi Adan sohilidagi Krater tumanida joylashgan bo‘lib, Yamanning xalqaro miqyosda tan olingan hukumatining asosiy qarorgohlaridan biri bo‘lib xizmat qiladi. Shu bilan birga, mamlakat poytaxti Sano hamon husiylar nazoratida qolmoqda.

Hujum Yamandagi fuqarolar urushining yangi keskinlashuv to‘lqini fonida yuz berdi. Oktyabr oyi boshida mamlakat hukumati “Ansorulloh” nazoratidagi hududlarni qaytarib olishga qaratilgan harbiy operatsiya boshlanganini e’lon qilgan edi. Hukumat kuchlariga Saudiya koalitsiyasi yordam bermoqda, husiylar esa bunga javoban raketa va dron hujumlari jadalligini oshirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, “Ansorulloh” harakati va Saudiya Arabistoni tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan hukumatparast armiya o‘rtasidagi harbiy harakatlar to‘rt yillik sukunatdan so‘ng iyul oyi o‘rtalarida qayta boshlandi. Bunga Saudiya aviatsiyasining Sano aeroportiga bergan zarbasi sabab bo‘ldi – hujum husiylar delegatsiyasi bo‘lgan Eron samolyoti qo‘nayotgan bir paytda yuz bergan edi. O‘shandan beri husiylar Qizil dengizning butun g‘arbiy sohilini va dunyoning asosiy dengiz arteriyalaridan biri bo‘lgan Bob-el-Mandob bo‘g‘ozi yaqinidagi shaharlarni egallab oldi. Husiylar Saudiya Arabistonidagi aeroport, neftni qayta ishlash zavodi va Saudi Aramco ofisiga hujum qildi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing