Husiylar dunyodagi eng yirik neft kompaniyasi qarorgohiga zarba berdi
Olam
−
13:49 1411 2 daqiqa
Kecha, 13 oktyabr kuni Yaman husiylari tomonidan amalga oshirilgan raketa hujumi oqibatida Saudiya Arabistoni davlat neft kompaniyasi – Saudi Aramco’ning Dahron shahridagi qarorgohiga zarar yetdi. Bu haqda Saudiya Arabistoni Energetika vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, binoda “kichik yong‘in” yuzaga kelgan, ammo hech kim jarohat olmagan. “Financial Times” nashrining qayd etishicha, bu binoda Saudi Aramco’ning “asab markazi” deb ataluvchi neft yetkazib berish va rejalashtirish bo‘limi, shuningdek, kompaniya rahbariyati ofislari, moliya va huquq bo‘limlari joylashgan.
Qayd etish joiz, Eron tomonidan moliyaviy va qurol-yarog‘ bilan qo‘llab-quvvatlanadigan yamanlik husiylar Saudiya Arabistonining neft infratuzilmasiga zarba berishga harakat qilmoqda, xususan, neftni qayta ishlash zavodiga (NQIZ) zarar yetkazyapti. Ularning operatsiyalari kengaymoqda – so‘nggi kunlarda ular bir qator hujumlarni, jumladan, mamlakat aeroportlariga, jumladan, Ar-Riyoddagi aeroportga ham zarbalar berdi. Oqibatda kamida 18 kishi halok bo‘ldi va yuzlab odamlar jarohat oldi. Shu sababli ExxonMobil, TotalEnergies, Shell, Chevron va BP bosh direktorlari joriy yilning 12 oktyabr kuni poytaxtda ochilgan energetika anjumaniga bormagan.
Husiylar o‘zlarining raketa va dronlar arsenalini oshirib bormoqda. “Conflict Armament Research” tashkiloti hisobotiga tayanib “The Wall Street Journal” nashrining yozishicha, ular hatto Eron yordamisiz Xitoydan keltirilgan komponentlardan foydalangan holda zamonaviy o‘rta masofali ballistik raketalarni ishlab chiqarishni boshlagan. Bunday texnologik yutuq Yamanning g‘arbiy qismini, jumladan, mamlakat poytaxtini va Bob al-Mandob bo‘g‘ozi (kemalar Qizil dengizga kiradigan va undan chiqadigan yo‘l) orqali o‘tish joyini nazorat qiluvchi ushbu guruhdan kelayotgan xavfni keskin oshiradi.
Nizo hududlarida ish olib boruvchi va qurol-yarog‘dan foydalanish hamda ularni yetkazib berish zanjirlari haqida hisobotlar nashr etuvchi “Conflict Armament Research” tadqiqotiga ko‘ra, husiylar Xitoy yetkazib beruvchisidan yuqori aniqlikda nishonga oluvchi Eronning Kheibar Shekan raketasining yanada kuchliroq versiyasini yasash uchun zarur bo‘lgan bir qator komponentlarni olgan.
Bu raketaning o‘zi Eron arsenalidagi eng samarali raketa hisoblanadi. Bahorda AQSH bilan urush paytida Eron Kheibar Shekan raketalarini mintaqadagi Amerika bazalariga qarshi muayyan muvaffaqiyat bilan qo‘llagan. Husiylarning raketasi esa taxminan 2000 km gacha uchish masofasiga ega bo‘ladi, ya’ni u Saudiya Arabistoni va Isroil hududidagi barcha ob’ektlarga yetib bora oladi.
Live
Barchasi