BMT Bosh kotibi: “Urushlarni to‘xtating. Bizning umumiy dushmanimiz – COVID-19”

Olam

image

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antonio Guterrish kecha, 23 mart kuni xalqaro hamjamiyatni dunyodagi barcha to‘qnashuvlarga chek qo‘yishga chaqirdi. Bosh kotibning aytishicha, bu koronavirusga qarshi kurashga bor e’tiborni qaratilishini ta’minlaydi.

“Bizning dunyo COVID-19 atalmish umumiy dushmanga duch keldi. Virus odamning millati, fraksiyasi yoki e’tiqodi haqida qayg‘urmaydi. U hammaga shafqatsiz hujum qiladi”, deydi u virtual matbuot anjumanida. 

Bosh kotib urush bo‘layotgan mamlakatlardagi sog‘liqni saqlash tizimidan havotirda ekanligini ma’lum qildi. Uning fikricha, urush qurbonlari orasida shifokorlar ko‘pchilikni tashkil qiladi.

“Urushdan jabr ko‘rgan mamlakatlarda sog‘liqni saqlash tizimlari ishdan chiqdi. Shundoq ham oz bo‘lgan shifokorlar ushbu urushlarda qurbon bo‘lishmoqda”, deydi Guterrish.

BMT Bosh kotibi virusning kuchayib borishi fonida urush olib borish ahmoqlik sanalishini aytib o‘tdi. Shuningdek, u barcha mamlakatlarni tinchlik sulhi tuzishga chaqirdi.

“Virusning keng tarqalishi va uning qurbonlari ortishi hozirgi paytda urush harakatlarini olib borish naqadar ahmoqona ekanligini ko‘rsatyapti. Shuning uchun, bugun men dunyoning barcha mamlakatlarini zudlik bilan global tinchlik sulhiga chaqiraman”, deya qo‘shimcha qildi Bosh kotib.

Guterrish urushayotgan tomonlardan “ishonchsizlik va adovatni chetga surib, o‘t ochishni, artilleriya va havo hujumlarini to‘xtatishni” yolvorib so‘radi.

“Bu qutqaruv yordamlari uchun yo‘laklar yaratishda, diplomatiya uchun qimmatbaho darchalarni ochishda, shuningdek, COVID-19 bilan kurashayotgan zaif odamlar orasida umid uyg‘otishda juda muhim qadamdir”, deydi BMT Bosh kotibi.

Ta’kidlash joizki, hozirda Ukraina, Suriya, Afg‘oniston, Yaman, Liviya va shu kabi boshqa davlat va hududlarda urush harakatlari ketmoqda. Ularning deyarli barchasida koronavirus aniqlangan.

Ma’lumot uchun, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti joriy yilning 11 mart kuni koronavirus kasalligini pandemiya deb e’lon qildi. Kasallik dunyo bo‘yicha 381 755 nafar odamda qayd qilingan. Ularning 16 558 nafari vafot etgan, 102 429 nafari esa ushbu kasallikdan forig‘ bo‘lgan. Hozirda kasallik yuqtirgan 262 768 nafar odam karantinda yoki shifoxonada davolanmoqda. Ularning 250 706 nafari yoki 95 foizi ahvoli qoniqarli, 12 062 nafari esa og‘ir ahvolda.

 

Maqola muallifi

Teglar

BMT Koronavirus Antonio Guterrish

Baholaganlar

91

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing