Isroil – saraton bezi – Eronning O‘zbekistondagi elchisi
Tahlil
−
14 noyabr
616612 noyabr kuni Eronning Toshkentdagi elchisi Muhammad Ali Iskandariy mahalliy OAV va jurnalistlar bilan uchrashuv tashkil qildi. O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi munosabatlar, iqtisodiy hamkorlikdagi ustuvor masalalar bilan boshlangan suhbat Eron tibbiyotning ayrim sohalarida dunyoda tengsizligi, u butun dunyoga, xususan, O‘zbekistonga nimalarni taklif qila olishi, viza rejimi bekor qilinganidan tortib, xalqaro munosabatlardagi ziddiyatlar va mojarolar haqidagi fikrlarga ulandi. Uchrashuv davomida ayni damda Yaqin Sharqda kechayotgan og‘ir davr va unga sababchi bo‘layotgan Isroil uchun alohida vaqt ajratildi. Yahudiy davlati – “saraton bezi” deya Oyatulloh Humayniydan iqtibos keltirgan elchi uning BMT bag‘rida dunyoga kelgani va bu aslida nomaqbul tug‘ilish bo‘lganini aytib, butun dunyo uchun yaxshi va manfaatli bo‘lgan narsalar faqatgina Isroil uchun yomon bo‘lishi hamda uning manfaatlariga mos kelmasligini ham qo‘shimcha qildi. Elchi o‘zining bu fikri bilan yahudiy davlati dunyo uchun haqiqiy xavf ekaniga ishora qildi. Shuningdek, Ali Iskandariy BRICS haqida ham to‘xtalib, tashkilot hech bir sub’ektga qarshi qaratilmagani, bu shunchaki AQSH dollari siyosatidagi bosimdan chiqish eshigi ekanini ta’kidladi. Quyida shu va uchrashuv davomida yangragan yana bir qancha fikrlarga to‘xtalamiz.
Eron va Turkiya Markaziy Osiyoni bir-biridan qizg‘anadimi?
Eron va Ko‘hna Turon tarixi bir-biriga chambarchas bog‘liq bo‘lib, bunda geografik joylashuv ham muhim o‘rin tutishi hech kimga sir emas. Miloddan avvalgi VI asrda Ahamoniylar sulolasi paydo bo‘lganidan boshlab forslar va bugungi Markaziy Osiyo hududlari o‘rtasida qator tarixiy bog‘lamlar mavjud. XVI asrdan boshlab xonliklar davrida mintaqadagi davlatlarning tashqi savdosida Eron eng oldingi qatorda bo‘lgani tarixdan ma’lum. Ammo bu davrda savdo aloqalari bilan birga o‘ziga yarasha siyosiy ta’sir ham mavjud bo‘lgan. Bu esa Markaziy Osiyo xonliklaridagi taxt egasi yoki hatto sulolalar almashinuvlarida Erondagi oliy hokimiyat jiddiy ta’sir ko‘rsatganida yaqqol namoyon bo‘lgan. Shu va boshqa faktorlar tufayli azaldan Eron va Turkiyaning ko‘plab manfaatlari Markaziy Osiyoda to‘qnash kelishi va bu bugun ham davom etayotgani haqidagi farazlar mavjud. Ayni shu haqdagi savolga Iskandariy “bugun Eron va Turkiya o‘rtasida hech qanday kelishmovchilik yo‘qligi, bundan tashqari, raqobat ham mavjud emasligi va Eron uchun Turkiyadan yaqinroq do‘st yo‘q” deb javob berdi. Markaziy Osiyodagi faollik borasida esa u qaysi sohada bo‘lmasin, Eron faqatgina yordam berishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.
“Hammaning o‘z zaif nuqtalari bor. Masalan, sizlarda (Markaziy Osiyo) texnologiya yetishmovchiligi bilan bog‘liq muammolar mavjud. Turkiyada ham shunday. Ammo biz bu borada sizlarga yordam berishimiz mumkin. Nima bo‘lishidan qat’i nazar biz bir-birimizga yordam berishdan to‘xtamasligimiz lozim. Masalan, Turkiya qurilish sohasiga oid ko‘plab loyihalarni amalga oshiradi va bunda bizning materiallarimizdan foydalanadi”, deydi Ali Iskandariy.
Biroq shunday bo‘lishiga qaramay, elchi Eron amalga oshiradigan loyihalar Turkiyanikidan ancha arzonga tushishini ham qistirib o‘tdi.
“Turkiya quradigan inshootlar asosan Eron mahsulotlari bilan qad rostlaydi. Bundan tashqari, ular bizdan mahsulotni 100 dollarga sotib olib, sizlarga 140 dollarga pullaydi. Bu biznes. Bunga qarshiligimiz yo‘q. Biz faqatgina birga ishlashni taklif qilamiz. Masalan, aytaylik, bir mehmonxona qurilishi 100 million dollarga tushsa, shu loyihani Eron 80 million dollarga bitirib berishi mumkin”, deydi Eron elchisi.
Bundan tashqari, elchi Ali Iskandariy Turkiya amalga oshira olmaydigan, ammo Eron O‘zbekiston uchun qila oladigan qator loyihalarni ham sanab o‘tdi. Unga ko‘ra, Eron O‘zbekiston uchun butun boshli neftni qayta ishlash zavodi va atom elektrostansiyasi kabi inshootlarni qurib berishi, miya jarrohlik amaliyotlari bo‘yicha yetarlicha tajriba almasha olishi mumkinligi, biroq Turkiyada bunday salohiyat yo‘qligini aytib o‘tdi.
Isroil uchun atalgan so‘zlar
Uchrashuv davomida xalqaro maydon xususan Yaqin Sharqdagi vaziyat haqida biroz ma’lumot berib o‘tish uchun Iskandariy ayni damda G‘azo va Livanda avjiga chiqqan Isroil qirg‘ini va u bilan bog‘liq ayanchli raqamlarga to‘xtaldi. U o‘z so‘zini Isroilning paydo bo‘lishidan boshladi.
“BMT tashkil topganiga 79 yil bo‘ldi. Isroil esa aynan shu tashkilot bag‘rida dunyoga keldi. Bu nomaqbul dunyoga kelish edi. Men nima uchun bu gapni aytyapman? Chunki butun dunyo uchun nima qadrli bo‘lsa, u Isroil uchun qadrsiz. Butun dunyo ijobiy deydigan narsani Isroil salbiy deb ataydi”, dedi Iskandariy.
U Isroilning Falastin va Livandagi bosqinlarini urg‘ulab, yahudiy davlati o‘zining barcha xususiyatlari bilan diplomatiyadagi “persona non grata” ya’ni nomaqbul shaxs degan maqomiga mos kelishini aytdi. Elchi tomonidan keltirilgan keyingi ma’lumotlar esa har kuni, har soatda yangilanayotgan, qaysi yuqori darajali siyosiy tadbir yoki sammitda bo‘lmasin, Isroil tomonidan qirib tashlanayotgan falastinliklar haqida statistika bilan davom etdi. Unga ko‘ra, Isroil so‘nggi bir yil ichida BMTning 230 nafar xodimini, 190 nafar jurnalistni turli shakllarda halok etdi. Isroil Falastin va Suriyada 50 mingdan ortiq odamni o‘ldirdi. Ularning 70 foizi esa ayollar va bolalar. Shuningdek, 55 ta shifoxona va boshqa muhim infratuzilma ob’ektlari vayron qilingan. Iskandariy Isroil qirg‘inlari va mintaqadagi tinchlikka shikast yetkazayotgani haqida gapirar ekan, yahudiy davlatini “saraton bezi” deb atab, Eron Islom Respublikasi asoschisi Ruhulloh Humayniydan iqtibos keltirdi.
“Bundan 45 yil ilgari bugungi Eron asoschisi Oyatulloh Humayniy Isroilni “saraton bezi” deb atagandi. Ammo bunga o‘sha paytda hech kim ishonmagandi”, deydi elchi.
U, shuningdek, bir kun kelib mintaqa davlatlari shu “saraton bezi”ni olib tashlashiga umid bildirdi.
HAMAS va uning harakatlariga ham biroz to‘xtalib o‘tgan Iskandariy, Isroil mazkur qarshilik harakatining 2023 yil 7 oktyabrdagi hujumiga xalqaro huquq normalariga binoan, mutanosib tarzda javob berishi lozimligi, ammo yahudiy davlati bunday yo‘l tutmaganini aytib, javob ko‘lami adolatsiz tarzda, bir necha o‘n barobar ortib ketganiga ishora qildi. Shuningdek, bugun, Qatar HAMAS rahbariyatini Dohadan chiqarib yuborishi haqidagi xabarlar fonidan harakat siyosiy byurosining keyingi taxminiy uch manzili Eron, Iroq va Turkiya kabi davlatlardan qaysi biri bo‘lishi mumkinligi haqidagi savolga elchi tomonidan aniq javob berilmadi. Eronning Toshkentdagi elchisi Ali Iskandariy mamlakat hukumati HAMAS harakati rahbariyatining qayerga borib joylashishidan qat’i nazar Eron ularning qarorini hurmat qilishi, agarda ular Tehrondan joy olishni istasa, bu so‘rovni bajonidil qabul qilishini aytdi. Ammo bu borada hukumat koridorlarida ketayotgan muhokamalarni ochiqlashni istamadi.
Eron BRICS’da “diktatura” shakllanishiga yo‘l qo‘ymaydi
Uchrashuvga yig‘ilganlar tomonidan BRICS va Eronning ushbu tashkilotdan qanday manfaatlar kutayotgani xususida berilgan savolga elchi quyidagicha javob berdi.
“BRICS dollar hukmronligiga qarshi davlatlar tomonidan tuzilgan tashkilot. Bu yerdagi a’zo davlatlar AQSH dollari orqali o‘z manfaatlari yo‘lida o‘ziga yoqmagan davlatlarni jazolash uchun foydalanyapti, degan umumiy to‘xtamga kelgan. Chunki qaysi yo‘ldan bormang, eng so‘nggida dollarga duch kelasiz. AQSH va Jahon banki dollarni suiiste’mol qilyapti va qanday bo‘lmasin bu orqali dunyo mamlakatlarining “nafasini qisish”ga urinadi”. Biz bu muammoni oldindan payqagandik, bu haqda ogohlantirgandik. Ammo boshqa ogohlantirishlarimiz kabi hech kim bunga ishonmagandi”, deydi Iskandariy.
Eron elchisiga ko‘ra, BRICS biron-bir davlatga qarshi qaratilmagan, balki bu turli bosimlardan chiqish yo‘lidir. Chunki dollar bugun borgan sari AQSH tomonidan yaxshi qarshilanmaydigan mamlakatlarga bosim o‘tkazish instrumentiga aylanib boryapti. U shunday tizim ustiga qurilganki, bunda barchaning oldida ikki dona yo‘l mavjud bo‘lib, davlatlar yo Qo‘shma Shtatlarga taslim bo‘lishi, yo unga qarshi chiqishga majbur bo‘ladi, deya ta’kidladi Ali Iskandariy. U dollar hukmronligi va uning kuchiga ishonib qo‘llanilgan sanksiyalar hatto saratonga qarshi dorilarni import qilishga ham to‘sqinlik qilayotganini misol keltirgan holda, BRICS mazmun-mohiyati aynan shu kabi adolatsiz valyuta tizimigagina qarshi ekanini aytdi. Elchiga ko‘ra, hatto koronavirus paytida ham aynan shu kabi cheklovlar tufayli Eronda vaksinaning kirib kelishi bilan bog‘liq jiddiy muammolar yuzaga kelgan va oxir-oqibat mamlakat bu muammoni mustaqil tarzda hal qilib, o‘zi vaksina ishlab chiqarishiga to‘g‘ri kelgan. Biroq shunday bo‘lishiga qaramay, bu dollardan to‘laqonli voz kechish, yoki boshqa valyutaga o‘tish degani emas. Chunki bunday o‘zgarish elchi ta’birida “bir diktatorni boshqasiga almashtirish” deganidir.
“Dunyo dollar bosimi tugashini 200 yil kutib tura olmaydi. Bu boksdagi ringga o‘xshaydi. Bugun Eron va Rossiya, ertaga esa yana boshqa davlatga qarshi qo‘llanilishi mumkin. Buni hech kim oldindan ayta olmaydi. Biroq shunday bo‘lishiga qaramay, bu dollardan to‘laqonli voz kechish yoki boshqa valyutaga o‘tish degani emas. Biz bir emas, ko‘p valyutali tizim bo‘lishini xohlaymiz. Pul siyosiylashmasligi, pul pulligicha qolishini istaymiz”, dedi elchi.
“Eron O‘zbekistonda salbiy talqin qilingan”
Elchi Iskandariy Eron O‘zbekiston fuqarolari orasida qanday qabul qilinishi borasidagi o‘zining taxminlarini hazilomuz tarzda ifodaladi. Uning fikricha, Eron yoki eronliklar deganda o‘zbeklar ko‘z o‘ngida hali ham tuya minib yuruvchi xalq gavdalanadi. Elchi bundan tashqari, Eronning uzoq yillar davomida dezinformatsiya tufayli xalqaro hamjamiyatda asossiz tarzda obro‘sizlantirilgani, noxolis axborot va ma’lumotlar tufayli salbiy obrazda tasvirlanganini ham qo‘shimcha qildi. Shuningdek, Iskandariy o‘zbekistonliklar Eron O‘zbekiston uchun viza rejimini bekor qilganidan xabari yo‘qligi, ammo O‘zbekiston fuqarolari hali ham cheklovlarsiz, 200 AQSH dollari evaziga Eronga yetib olish mumkinligini eslatdi. Ma’lumot o‘rnida shuni eslatib o‘tish joizki, joriy 2024 yil 4 fevraldan boshlab Eron O‘zbekiston bilan viza rejimini bir tomonlama bekor qildi. Viza rejimini bekor qilish esa Eron Turizm, madaniy meros va hunarmandchilik vaziri Ezzatolla Zargamiy tomonidan taklif qilingandi. Elchi Muhammad Ali Iskandariy Eronning turizm salohiyati yuqori ekanini ta’kidlab, tarixiy yodgorliklar soni bo‘yicha dunyoda to‘qqizinchi o‘rinni band qilgani va bu UNESCO tomonidan e’tirof etilgani haqida ham ma’lumot berdi. Uning ta’kidlashicha, Isfahon va boshqa bir qator tarixiy shaharlar O‘zbekistondagi tarixiy qadamjolar bilan ko‘plab o‘xshashlikka ega va bu Eronda o‘zbek sayyohlarini o‘ziga jalb qilishi mumkin bo‘lgan faktorlardan biridir.
Eron O‘zbekistonga nimalarni taklif qila oladi?
Eronning Toshkentdagi elchisi Ali Iskandariy OAV vakillari bilan bo‘lgan suhbatda yig‘ilganlar e’tiborini Eronning ba’zi sohalardagi yuqori salohiyati, ikki davlat tadbirkorlari bir-birini endi yaxshiroq tanishni boshlaganiga qaratdi. Bu Eronni O‘zbekistonga tanitish yo‘lidagi o‘ziga xos qadam ham bo‘ldi. Aytilishicha, bugungi kunda Eron O‘zbekistonning o‘n sakkizinchi o‘rindagi tashqi savdo sherigi hisoblanadi. Ammo ayni damdagi mavjud imkoniyatlar Eronni O‘zbekistonning eng kuchli o‘ntalikdagi tashqi savdo sherigiga aylantira oladi. Chunki tadbirkorlar o‘rtasidagi aloqalar ilgarigiga qaraganda ancha rivojlangan. Xususan, eronlik tadbirkorlar oldin O‘zbekistonda atigi ikki ko‘rgazmada ishtirok etishgan bo‘lsa, bugun ular ishtirok etadigan shunday ko‘rgazmalar soni o‘ntaga yetgan. Shu o‘rinda o‘zbekistonlik tadbirkorlar ham Eronda ancha faollashgan. Xususan, “IranExpo” ko‘rgazmasida ilgari 4 nafar o‘zbek tadbirkori qatnashgan bo‘lsa, hozir ular 80 nafarni tashkil qiladi. Bundan tashqari, Eron elchisi mamlakat O‘zbekistonga dengizga chiqish uchun eng yaxshi imkoniyat bo‘lishini ham eslatib o‘tdi. Ali Iskandariy Eron O‘zbekiston uchun ochiq dengiz portlariga chiqishda eng arzon va eng qisqa transport koridori bo‘lishi va bu borada ular o‘zbek birodarlariga yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi. Elchining ta’kidlashicha, aksariyat Eron tovarlarini munosib narxlarda va yuqori sifatlarda O‘zbekiston uchun yetkazib berish imkoniyati bor. O‘z navbatida, Eron bozori ham O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan tovarlarga qiziqish bilan qaraydi. Eronda rivojlangan sohalar qatorida tibbiyot alohida mavzu bo‘lib, tibbiy jihozlar va xizmatlar ko‘rsatish borasida yetakchi davlatlar jumlasiga kirishi ta’kidlandi. Agar elchining gapiga ishonadigan bo‘lsak, yurak jarrohlik amaliyoti bo‘yicha Eron dunyoda tengsiz bo‘lib, bu masalada unga faqat Hindistongina raqobat qilishi mumkin. Eron elchisi o‘zbeklar bundan boxabar emasligi, shunday bo‘lsa-da, Eron O‘zbekiston bilan jarrohlik va saraton kasalligini davolash sohasida hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi. Ishlab chiqarish sohasida esa yetkazilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Eron o‘zini to‘liq ta’minlashni uddalagan. Masalan, o‘z ehtiyojlari uchun kerak bo‘lgan dori-darmonning 90 foizini, oziq-ovqatning esa 95 foizini qayta ishlaydi. Ular chorva, parranda yetishtirish, o‘g‘it va qishloq xo‘jaligi ekinlarining urug‘larini ishlab chiqarishda hamkorlik qila olishi aytildi. Bugungi kunda Eron barcha turdagi qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqaradi. Iskandariyning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili Eron 40 ming dona traktor ishlab chiqargan va ular ushbu texnikalarni arzon narxlarda va yuqori sifatda O‘zbekistonga yetkazib bera oladi. Shuningdek, Fors davlati deyarli barcha fan sohalarida, xususan, sanoat sohasidagi bilimlarda jahonning ilk 15 davlati safiga kirishi va shunga ko‘ra, texnik-muhandislik xizmatlarini munosib narxlarda va yuqori sifatda ko‘rsata olishi ham alohida ta’kidlandi.