G‘azo sektorida har kuni 60 dan ortiq bola halok bo‘lmoqda
Olam
−
09 noyabr
1384G‘azo sektorida har kuni o‘rtacha 67 bola halok bo‘lmoqda. Bu haqda BMTning Falastinlik qochqinlarga yordam berish va ishlarni tashkil qilish agentligi (UNRWA) xodimi Luiza Uoteridjga tayanib, “Al Jazeera” xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yaqinda Isroil armiyasi agentlikka qarashli ikki maktabga hujum uyushtirgan. Oqibatda 17 kishi halok bo‘lgan, ko‘plab odamlar jarohatlangan.
Shuningdek, oziq-ovqat tanqisligi tufayli Falastin anklavining markaziy va janubiy qismlarida kundalik ravishda muhtojlarga 400 ming ovqat tarqatuvchi 100 dan ziyod oshxona yopilish xavfi ostida. UNRWA ma’lumotiga ko‘ra, hozirda Misr va Iordaniya chegaralarida G‘azoga kirish uchun 40 ta dorivor vositalar va gigiyena mahsulotlari ortilgan yuk mashinalari kutib turibdi.
Bundan tashqari, sektordagi shaharlarda 42 million tonnadan ortiq vayron bo‘lgan binolarning qurilish chiqindilari to‘planib qolgan. Portlash xavfi yuqori bo‘lgan ashyolar, portlamagan snaryadlar va minalarning ko‘pligi aholi uchun bevosita tahdid solmoqda. Shunga qaramay, minadan tozalash uchun mutaxassislarning hududga kirishi va xavfsizlik amadiyotini olib borishi juda cheklangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jenevada Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari tomonidan e’lon qilingan hisobotda G‘azo sektorida halok bo‘lganlar orasida ayollar va bolalar qariyb 70 foizni tashkil etayotgani xabar qilingan edi.
LiveBarchasi