Gruziyada prezidentlik saylovining ehtimoliy sanasi ma’lum qilindi
Olam
−
13 noyabr
3607Gruziyada prezidentlik saylovlari, ehtimol, 2025 yil yanvar oyining boshida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze BMTning Bakuda bo‘lib o‘tayotgan iqlim bo‘yicha COP29 sammiti chog‘ida jurnalistlar bilan suhbatda ma’lum qildi.
Hukumat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, “yaqin vaqt ichida parlament saylovlari natijalari e’lon qilinadi”. Keyin, Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, yangi parlamentning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.
“Bundan keyin parlament hayoti boshlanadi va yaqinda, taxminiy yanvar oyi boshida prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. Shundan so‘ng prezident inauguratsiyasi bo‘ladi”, dedi Kobaxidze.
Kobaxidzening “Gruziya orzusi” partiyasi g‘alaba qozongani e’lon qilingan parlament saylovini qayta o‘tkazishga chaqirgan Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili esa Tbilisiga kelgan Yevropa Ittifoqining sakkizta mamlakat parlament qo‘mitalari rahbarlari bilan qo‘shma matbuot anjumani o‘tkazdi va Gruziyada ovoz berish natijalarini tan olmasligini bildirdi.
Joriy yilning 26 oktyabrda Gruziyada parlament saylovlari bo‘lib o‘tgandi. Unda mamlakatning 150 nafar deputatdan iborat oliy qonun chiqaruvchi organidagi o‘rinlar uchun 20 ga yaqin partiya kurashgan. 12 yil ketma-ket hokimiyatda bo‘lgan “Gruziya orzusi” partiyasi 54,3% ovoz bilan g‘alaba qozongan. Shundan so‘ng bir nechta partiyalar parlamentga boykot e’lon qildi.
Ma’lumot uchun, Gruziya parlament boshqaruv shakliga ega bo‘lgan respublika, ijro etuvchi hokimiyat Bosh vazir boshchiligidagi hukumat tomonidan amalga oshiriladi. Davlat rahbari Prezident bo‘lib, uni 300 kishidan iborat saylovchilar hay’ati saylaydi. Ushbu organning yarmini parlament a’zolari tashkil qiladi, qolgan qismini mintaqalardan kelgan delegatlar taqdim etadi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Gruziya prokuraturasi parlament saylovlarida 47 ta jinoyat ishini tergov qilayotgani haqida xabar berilgandi.
Muhammad Hodiyev