Shubha sababli 11 oylik o‘g‘lini kanalga tashlab yuborgan otaga hukm o‘qildi

Jamiyat

image

Namanganda aliment to‘lashni xohlamay 11 oylik farzandini kanalga tashlab yuborgan otaga sud hukmi o‘qildi. Farzandining o‘limiga sabab bo‘lgan ota 18 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Oliy sud Matbuot xizmati xabar berdi.

Aybdor turmush o‘rtog‘ bilan 2017 yil 1 oktyabrda qonuniy nikohdan o‘tib, 2018 yil 4 iyulda farzandli bo‘lgan. O‘g‘li o‘ziga o‘xshamaslgini aytib, xotini bilan janjallashgan. Doimiy kamsitilishlar natijasda ayol 2019 yilning 24 fevral kuni o‘g‘lini olib, otasining uyiga ketib qolgan.

Joriy yilning 24 apreldagi fuqarolik ishlari bo‘yicha Namangan tumanlararo sudining hal qiluv qaroriga asosan ayolning da’vosi qanoatlantirilib, otadan ona foydasiga farzandi 3 yoshga to‘lgunga qadar topgan daromadining 70 foizi miqdorida aliment to‘lashi belgilangan. Ota esa bundan norozi bo‘lgan. Qizig‘i, farzandi o‘ziniki ekaniga shubhasi бўлса­да, u bilan ko‘rishib turishi uchun fuqarolik sudiga murojaat qilgan. Sud otaga haftaning shanba va yakshanba kunlari onaning ishtirokida soat 10:00dan 12:00 gacha farzandi bilan ko‘rishishi uchun qaror chiqargan.

Ota joriy yilning 8 iyun tongida ham bolani ko‘rish maqsadida sobiq turmush o‘rtog‘i yashayotgan uyga borgan. Ayolni chalg‘itib bolani olib qochib, Shimoliy Farg‘ona kanalidagi ko‘prik tomonga borgan.

“Qanday qilib o‘g‘limni suvga tashlab yuborganimni bilmay qoldim. Uning suvga cho‘kib ketganini ko‘rdim. Biroq suzishni bilmaganim uchun orqasidan suvga tushmadim. Qo‘limda bosh kiyimi qolganini ko‘rib, temir yo‘l bo‘ylab yurganimda tashlab yubordim”, deb ota o‘z aybiga iqror bo‘lgan.

Aybdor sud qarori bilan undan undirilishi lozim bo‘lgan aliment pulini to‘lashdan qutulish maqsadida hali bir yoshga to‘lmagan farzandini Shimoliy Farg‘ona kanaliga tashlab o‘ldirgan ota qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini bildirgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyat sudi sudyasi Sanobar Mamadaliyeva tomonidan sudlanuvchiga JKning 97-moddasi 2-qismida “v, i” bandlari bilan 18 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.


Maqola muallifi

Teglar

qotillik Namangan chaqaloq

Baholaganlar

315

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing