“Forrest Gamp” operatsiyasi: Zelenskiy o‘ziga yaqin mulozimni ishdan oldi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Prezident devoni rahbari o‘rinbosari Irina Mudrani lavozimidan ozod qildi. Bu haqda davlat rahbarining ofisi saytida e’lon qilindi.

Mudraning ishdan bo‘shatilishi Ukraina Korrupsiyaga qarshi milliy byurosi va Korrupsiyaga qarshi maxsus prokuratura tomonidan olib borilayotgan “Forrest Gamp” maxsus operatsiyasi fonida yuz bergan. Tergov amaldagi va sobiq deputatlar, Prezident devoni mansabdorlari hamda boshqa shaxslar ishtirokidagi ehtimoliy korrupsiya sxemasiga aloqador.

Bungacha, huquqni muhofaza qilish organlari Mudraning uyida tintuv o‘tkazayotgani haqida xabar berilgan edi. Oliy Rada deputati Yaroslav Jeleznyakning aytishicha, tergov Mudraning davlatga qarashli Sense Bank bilan aloqalarini ham o‘rganmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Prezident devonidagi ayrim shaxslar Mudraga bank ustidan nazorat o‘rnatish topshirig‘ini bergan bo‘lishi mumkin.

Tergovchilar, shuningdek, Sense Bank orqali sobiq energetika vaziri German Galushenko uchun 150 million grivna miqdoridagi garov pulining bir qismi o‘tkazilgan bo‘lishi mumkinligini ham tekshirmoqda.

Mazkur tergov Timur Mindich bilan bog‘liq korrupsiya ishiga ham borib taqaladi. Mindich – Zelenskiyning sobiq hamkori va “Kvartal 95” studiyasi hammuassisi. 2025 yil noyabrida uning uyida tintuv o‘tkazilgandi.

Korrupsiyaga qarshi milliy byurosi va Korrupsiyaga qarshi maxsus prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, tergovchilar Mindichni “Energoatom” davlat korxonasida korrupsiya sxemasini boshqarganlikda gumon qilmoqda. Tergov versiyasiga ko‘ra, ushbu sxemada davlat korxonasi bilan shartnoma tuzgan kompaniyalardan 10-15 foiz miqdorida noqonuniy to‘lovlar undirilgan. Umuman olganda, sxema orqali qariyb 100 million dollar o‘tkazilgani aytilmoqda. Ish doirasida Oliy Rada deputati Vadim Stolarning uyida ham tergov harakatlari o‘tkazilgan.

Ma’lumot uchun, Irina Mudra 2024 yil martidan buyon Prezident devoni rahbari o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan. U Prezident ofisida yuridik va huquqiy masalalarga mas’ul. Bungacha u adliya vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Oliy Radasi Yevgeniy Xmarani mamlakat Mudofaa vaziri etib tayinlagandi. Uning nomzodini zarur bo‘lgan 226 ta ovoz o‘rniga 312 nafar deputat qo‘llab-quvvatlagan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing