“Forbes”: O‘zbekiston “geografiya — bu taqdir” qoidasidan voz kechishga urinmoqda

Jamiyat

image

Markaziy Osiyo qariyb 200 yil ichida birinchi marta dunyo hamjamiyatining e’tiborini o‘ziga tortdi. “Forbes” nashriga ko‘ra, G‘arb davlatlari Rossiya va Xitoyga qarshi tura olish uchun mintaqa markazida joylashgan O‘zbekistonga yordam berishi kerak.

Nashrga ko‘ra, Afg‘onistondagi beqaror vaziyat kelajakka tahdid solishi mumkin. Mana shunday vaziyatda O‘zbekiston Afg‘onistonga nisbatan alohida ta’sirga egaligi sababli, G‘arb davlatlari respublikaga yordam berish istagini bildiryapti.

“Ipak yo‘li davlatlarida tashqi kuchlarga chalg‘imasdan “o‘z taqdirlarining ijodkori” bo‘lish uchun real imkoniyat mavjud. Shu bilan birga bu imkon u qadar ulkan ham emas va barcha mintaqaviy va global kuchlar birlashmasa, bu yo‘qqa chiqishi mumkin”, deyiladi nashr maqolasida.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Afg‘onistonga ta’siridan tashqari, G‘arbga arzon xomashyo: neft va gazdan tortib, oltin va urangacha yetkazib bera oladi. 

“Forbes” shuningdek, Xitoy Markaziy Osiyo mintaqasidagi barcha mamlakatlarning asosiy savdo sherigiga aylanishga tayyor ekanini ta’kidlagan. Yaqinda mamlakatning Eron bilan 400 milliard dollarlik yirik shartnomasi Pekinga barqaror, arzon neft va Eronga G‘arb sanksiyalaridan ikkinchi darajali chiqish imkoniyatini berdi.

Shuningdek, Qozog‘iston bir muddat yaxshi imijga ega bo‘lgani, ammo keyinroq boshqaruvning sulolaviy modeliga sodiq qolib, uning muammolari bilan o‘ralashib qolganiga e’tibor qaratilgan. Qirg‘iziston esa bir inqirozdan chiqib boshqasiga qoqilayotgani aytib o‘tilgan. Tojikiston Rossiya va Xitoy homiyligida qolib ketayotgani ta’kidlangan.

“Ayni paytda Xitoy kompaniyalari Qozog‘istonda neft qazib olishning to‘rtdan bir qismiga va Turkmaniston gaz eksportining yarmidan ko‘prog‘iga egalik qilmoqda. Shuningdek, u Tojikiston va Qirg‘iziston uchun hukumat qarzlarining mos ravishda 49 hamda 36 foiziga ega bo‘lgan yagona yirik kreditor hisoblanadi. Ushbu notinch manzarada kelajakka umidning yagona nurlari O‘zbekistondan kelmoqda”, deya urg‘ulagan muallif.

O‘zbekiston davlat muassasalari tomonidan jamoatchilikning konservativ qatlamiga tegmagan holda aholi hayotini ongli ravishda liberallashtirish, muhimligi qayd etilgan. Tez g‘arblashish Rossiya, Xitoy, Eron yoki “Tolibon” bo‘lsin, qudratli davlatlarni g‘azablantirishi mumkin.

“Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bo‘lgandan so‘ng “og‘iz ochilib qoladigan” darajadagi o‘zgarishlar qildi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qo‘shni davlatlarga tashrif buyurib, to‘siqlarni ta’mirlab, o‘zining bir yoki ikki yilini juda odilona sarfladi. Qo‘shni davlatlar bilan chegaralarni ochdi. U o‘ziga xos savdo blokini tuzish uchun Ipak yo‘li mamlakatlarini birlashtirishga kirishdi. U bir davlatdan ko‘ra, blokni beqarorlashtirish murakkab deb hisoblayotgan bo‘lsa kerak. Shu bilan birga, Prezident global fondlar mamlakat asoslarining mustahkamligi va xavfsizligini ta’minlashdan manfaatdor bo‘lishi uchun har qanday davlatdan, jumladan Yevropa va AQSHdan O‘zbekistonga sarmoyalarni jalb qildi. Shu tariqa, dunyoga yo‘l faqat Moskva, Pekin yoki bir guruh oligarxlar, sulolalar hamda imomlardan foydalanishi mumkin bo‘lgan boshqa har qanday davlatdan o‘tmaydi”, deyiladi “Forbes” maqolasida.

Muallifning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston “geografiya — bu taqdir” degan qoidadan voz kechishga urinayotgan mamlakatga misol bo‘la oladi. U gegemonlikning ulkan kuchlari soyasida bo‘lib, erkinlik va mustaqillikka intilmoqda.

“G‘arb ushbu mamlakatning muvaffaqiyatini ta’minlashga majbur, hech bo‘lmaganda “sovuq urush” tugaganidan keyin bir necha bor shu kabi ittifoqchilarga Moskva bosim o‘tkazganida qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortganimiz uchun ham. Bu kabi har bir muvaffaqiyatsizlik yangi qo‘rqitishlarga olib kelishi muqarrar. Avvaliga Rossiya Gruziyani qo‘rqitdi. Bizning bunga passiv javobimiz Rossiya Ukrainani qo‘rqitishni boshlashiga olib keldi. Afsuski, o‘tmishdagi aynan shu muvaffaqiyatsizliklar bizni ikkilanishga, jasoratimizni tortib olib, oldinga qarashga majbur qiladi. Ukraina va Tayvan muammolariga oddiy yechim topishni istasak, O‘zbekistonni e’tiborsiz qoldirishimiz kerak emas”, deydi muallif.


Maqola muallifi

Teglar

Forbes

Baholaganlar

1787

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing