Forbes eng saxiy milliarderlarni aniqladi

Olam

image

Forbes AQSHning eng saxiy 25 nafar milliarderi reytingini e’lon qildi. Nashr ularning butun hayoti davomida xayriya ishlariga qancha mablag‘ sarflaganini hisoblab chiqqan.

Umuman olganda, ushbu ro‘yxatdagi milliarderlar xayriya ishlariga 149 milliard dollar sarflagan, ularning umumiy boyligi esa 799 milliard dollarni tashkil etadi. 

Xayriya mablag‘lari 2021 yilgacha, ularning kapitali esa 2021 yil 14 yanvar holatiga ko‘ra hisoblangan. 

Reytingda birinchi o‘rinni tadbirkor Uorren Baffet egallagan. 2020 yil holatiga ko‘ra, u 42,8 milliard dollarni xayriya ishlariga sarflagan (uning boyligi 88,8 milliard dollarga baholanmoqda). Ta’kidlanishicha, u sog‘liqni saqlashni rivojlantirish va qashshoqlikni kamaytirish uchun xayr-ehson ishlarini amalga oshirgan. 

Microsoft asoschisi Bill Geyts va uning rafiqasi Melinda Geytslar reytingning ikkinchi o‘rnidan joy egallashgan. Ularning boyligi 120,7 milliard dollarni, xayr-ehsonlarining umumiy miqdori esa 29,8 milliard dollarni tashkil etgan. Ularning jamg‘armasi 2020 yilda COVID-19 ga qarshi kurashga qaratilgan tadqiqotlarni moliyalashtira boshlagan. Er-xotin ikki yil ichida ushbu maqsadlar yo‘lida 1,75 milliard dollar sarflashga va butun dunyo bo‘ylab muhtojlarga pandemiyaga qarshi kurashish vositalarini taqdim etishga va’da berishgan. 

Moliyachi Jorj Soros reytingda uchinchi o‘rinni egallagan. U hayoti davomida 16,8 milliard dollar xayriya qilgan va 14 yanvar holatiga ko‘ra uning boyligi 8,6 milliard dollarga baholangan. Uning "Ochiq jamiyat" fondlari dunyoning 120 ta mamlakatida faoliyat yuritib, demokratiya va saylovchilar huquqlarini himoya qilishga e’tibor qaratmoqda. 2020 yilning o‘zida u ushbu sohalar uchun 140 million dollar ajratgan, bundan tashqari, o‘tgan yili Soros kamsitishga qarshi kurash, inson huquqlarini himoya qilish va jurnalistikani qo‘llab-quvvatlash uchun 1,2 milliard dollar ajratgan.

Nyu-Yorkning sobiq meri Maykl Blumberg reytingda to‘rtinchi o‘rinni egallagan. Uning boyligi 54,9 milliard dollarni, xayr-ehsonlarining umumiy miqdori esa 11,1 milliard dollarni tashkil qilgan. Blumberg iqlim o‘zgarishi va aholi salomatligiga e’tibor qaratgan. So‘nggi o‘n yil ichida u tamaki iste’molini kamaytirish uchun bir milliard dollardan ko‘proq mablag ajratgan. 2018 yilda esa hozirgi kunda koronavirus statistikasi bilan dunyoga mashhur bo‘lgan Jons Xopkins universitetiga 1,8 milliard dollar o‘tkazgan. Uning jamg‘armasi COVID-19 ga qarshi kurashga 330 million dollardan ortiq mablag‘ ajratgan. 

Bu yilgi reytingda Amazon asoschisi Jeff Bezosning sobiq rafiqasi Makkenzi Skott ham paydo bo‘lgan. U irqiy, gender va iqtisodiy tengsizlikka qarshi kurashuvchi tashkilotlarga 5,83 milliard dollardan ko‘proq mablag‘ ajratgan va ro‘yxatning oltinchi o‘rnidan joy olgan. Skottning boyligi 55,2 milliard dollarga baholangan. 

Facebook asoschisi Mark Sukerberg va uning rafiqasi Prissilla Chan umumiy miqdorda 2,7 milliard dollar xayriya qilgan va reytingning o‘ninchi o‘rnini egallagan. Ularning boyligi 90 milliard dollarga baholangan. Juftlik ilm-fan, ta’lim, adolatli saylovlar va adolatni qo‘llab-quvvatlaydi. Biroq, 2020 yilda ular asosiy e’tiborini COVID-19 ga qarshi kurash va saylovlarga qaratgan. Sukerberglar oilasi jamg‘armasi koronavirusga qarshi kurashish uchun 100 million dollardan ko‘p, saylovlarda adolatli ovoz berishni qo‘llab-quvvatlash uchun esa 400 million dollar ajratgan.


Maqola muallifi

Teglar

xayriya milliarderlar

Baholaganlar

171

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing