Dunyoda milliarderlar soni rekord darajada ko‘paydi

Olam

image

Dunyodagi milliarderlar soni 2025 yilda rekord darajada ko‘payib, 3 795 nafarga yetdi. Bu esa bir yilda 8,2 foizlik o‘sishni anglatadi. Bu haqda “Altrata”ning joriy yilgi “Billionaire Census” hisobotida keltirilgan.

Milliarderlarning jami boyligi bir yilda 12,8 foizga oshib, rekord darajadagi 15,1 trillion dollarga yetgan. So‘nggi o‘n yilda esa ularning soni qariyb 60 foizga ko‘paygan. Hisobotda qayd etilishicha, milliarderlar boyligining o‘sishida sun’iy intellektga yo‘naltirilgan investitsiyalar muhim rol o‘ynagan. Sun’iy intellektga salmoqli sarmoya kiritgan, milliarderlar boyligiga eng katta hissa qo‘shuvchi 150 ta kompaniyaning bozor kapitalizatsiyasi 2024–2025 yillarda bunday investitsiya qilmagan kompaniyalarga nisbatan 23 foiz tezroq o‘sgan.

Milliarderlar soni bo‘yicha AQSH – 1 265 nafar bilan birinchi o‘rinda. Xitoyda 363 nafar, Germaniyada 221 nafar, Hindistonda 191 nafar milliarder bor.

Hududlar kesimida esa Shimoliy Amerika yetakchilik qilmoqda, ya’ni u yerda 1 337 nafar milliarder istiqomat qilayotgani qayd etilgan. Yevropada 1 081 nafar, Osiyoda 881 nafar milliarder bor.

Shuningdek, hisobotga ko‘ra, keyingi o‘n yilda milliarderlar tomonidan 6,6 trillion dollarlik boylik meros qilib qoldirilishi kutilmoqda. Bundan qariyb 5 ming nafar voris – milliarderlarning turmush o‘rtoqlari va voyaga yetgan farzandlari manfaat ko‘rishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning aprel oyi holatiga ko‘ra, dunyodagi milliarderlar soni o‘tgan 12 oy ichida 13 foizga o‘sib, rekord darajani qayd etgani va 3 302 nafarga yetgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing