Fon der Lyayen Trampga keskin javob qaytardi

Olam

image

Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen AQSH Prezidenti Donald Trampning Yevropa avtomobillariga bojni oshirish tahdidiga javob berib, Vashingtonni Bryussel bilan tuzilgan savdo kelishuviga amal qilishga chaqirdi. Bu haqda u bugun, 5 may kuni Yerevanda bo‘lib o‘tgan YeI – Armaniston sammitidagi matbuot anjumanida so‘z ochdi.

“Bizda kelishuv bor va uning mohiyati farovonlik, umumiy qoidalar va ishonchdan iborat”, deydi u.

Fon der Lyayenning aytishicha, Yevropa Ittifoqi kelishuv doirasidagi qolgan tarif majburiyatlarini amalga oshirishning yakuniy bosqichida. Shu bilan birga, u Yevropa Ittifoqi “har qanday ssenariyga tayyor” ekanini ham ta’kidlagan.

Ayni matbuot anjumanida Yevropa Kengashi raisi Antoniu Koshta YeI yetakchilari Komissiyaning Trampning so‘nggi savdo tahdidiga javobini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron esa Yerevanda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan o‘tkazilgan alohida matbuot anjumanida bu pozitsiyani ochiqcha qo‘llab-quvvatlagan.

“Kelishuvlar imzolangan va ularga amal qilinishi shart. Agar ular shubha ostiga olinsa, barchasini qaytadan boshlashga to‘g‘ri keladi. Agar biror davlat yangi bojlar bilan tahdid qilsa, YeIda javob qaytarish uchun vositalar bor va ulardan foydalanish kerak”, deydi Makron.

Trampning navbatdagi boj tahdidlari Vashington va Bryussel o‘rtasidagi murakkab savdo munosabatlarida keskinlikni yanada oshirgan. Uning bayonoti Yevropa Ittifoqining savdo bo‘yicha komissari Marosh Shefchovich Vashingtonga tashrif buyurib, Ternberri kelishuvi amalda ekanini ta’kidlaganidan keyin yangragandi.

Ma’lumot o‘rnida, o‘tgan yil iyul oyida tuzilgan kelishuvga ko‘ra, AQSH tomonidan Yevropa avtomobillariga qo‘llaniladigan bojlar 15 foiz etib belgilangan. Evaziga Bryussel sanoat bojlarini kamaytirish, AQSHdan 750 milliard dollarlik energiya xarid qilish va Amerika iqtisodiyotiga 600 milliard dollar investitsiya kiritishga rozi bo‘lgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Yevropa Ittifoqidan import qilinadigan yengil va yuk avtomobillariga boj stavkasini 25 foizgacha oshirishga qaror qilgan edi.

Oybek Rustamov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Tramp Fon der Lyayen

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing