Folker Turk O‘zbekistonni maqtab ketdi
Jamiyat
−
16 mart 2023
12664Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Bosh komissari Folker Turk O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlarni ijobiy baholab, boshqa mamlakatlarni ham undan o‘rnak olishga chaqirdi. Bu haqda u kecha, 15 mart kuni BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasida jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida so‘z ochgan.
“O‘zbekistonning tarixi rang-barang va boy, ayni paytda murakkabdir. Men bu o‘lkaga o‘tgan gal Sovet Ittifoqidan endi mustaqillikka erishganidan ko‘p o‘tmay kelganman va bugun men o‘sha paytdagidan butunlay boshqacha mamlakatni ko‘rmoqdaman. Toshkentda atrofingizga nazar tashlash kifoya. Bugun men imkoniyatlarga to‘la, jo‘shqin mamlakatni ko‘ryapman”, deydi u.
Shuningdek, Komissar O‘zbekistonning oldingi siyosiy tuzilmalari inson huquqlariga e’tibor bermagani, biroq so‘nggi olti yil ichida bu tubdan o‘zgarganini qo‘shimcha qilgan.
“Prezident tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan islohotlar keng ko‘lamli sohalarda muhim huquqiy islohotlarni o‘z ichiga oldi:
- paxta dalalarida majburiy mehnatga barham berish;
- 76 000 dan ortiq avval fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga fuqarolik berish;
- Suriya va boshqa yerlardagi lagerlardan 500 dan ortiq ayol va bolalarning qaytarib, olib kelish va qayta integratsiyasini ta’minlash. Men boshqa davlatlarni ham o‘rnak olishga chaqiraman”, deya o‘z fikrini bildirdi Folker Turk.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha Bosh komissari Turk boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga 13 mart kuni yetib kelgan. O‘tgan uch kun davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, IIV, Adliya vazirliklari va Bosh prokuratura rahbariyati bilan uchrashgan.
“Meni iliqlik va mehmonto‘stlik bilan kutib olishdi, davlat mansabdor shaxslaridan tortib, huquq himoyachilarigacha bo‘lgan keng doiradagi odamlar bilan ochiq va samimiy suhbatlar o‘tkazdim. Bugun ertalab Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdim va u amalga oshirilayotgan islohotlarga batafsil to‘xtalib o‘tdi. O‘tgan olti yil ichida O‘zbekistonda o‘zgarishlar bo‘yicha ko‘p ishlar qilindi va men istiqboldagi sa’y harakatlarda inson huquqlarini e’tibor markazida saqlashga bo‘lgan sadoqatiga yuqori baho berdim”, dedi Folker Turk.