Flydubai samolyotini qulatishga uringan uchuvchining shaxsi oshkor bo‘ldi
Olam
−
11:14 924 3 daqiqa
Terakt sodir etishga urinishda gumonlanayotgan Flydubai aviakompaniyasi samolyoti pilotining ismi va fuqaroligi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda ABC News xabar berdi.
Maxsus xizmatlar va huquqni muhofaza qilish organlarining yuqori lavozimli vakillari ma’lumotlariga ko‘ra, havo kemasi komandiriga hujum qilgan hamda Isroilga yo‘l olgan reysning qulashiga sababchi bo‘lishga uringan Flydubai aviakompaniyasining ikkinchi piloti Ummon fuqarosi hisoblanadi.
Shuningdek, Oman Air aviakompaniyasi ilgari uni xavfsizlikka tahdid deb topib, parvozlardan chetlashtirgani xabar qilinmoqda. Tergov jarayonidan xabardor bir nechta manbalar taxminiy hujumchining ismini ma’lum qildi – bu 29 yoshli Hammam Al-Hammami.
Hukumat vakillarining ABC News’ga ma’lum qilishicha, 2024 yilda Al-Hammami Oman Air’da ikkinchi pilot sifatida stajirovka o‘tayotgan paytida unda ekstremistik materiallar aniqlangan. Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, gumonlanuvchiga aviakompaniyada ishini davom ettirishga ruxsat berilgan, biroq ma’muriy lavozimda.
Manbalarning xabar berishicha, hodisani tergov qilayotgan mansabdor shaxslar keyinchalik gumonlanuvchiga qanday qilib Flydubai ekipaji tarkibida uchishga ruxsat berilgani va u Isroilga yo‘l olgan reysda qanday qilib ikkinchi pilot o‘rindig‘ini egallaganini aniqlashga harakat qilmoqda.
“Tergovning borishidan xabardor manbalarning bildirishicha, joriy yilning 3 oktyabr kuni Saudiya Arabistonidan Birlashgan Arab Amirliklariga o‘tkazilgan Al-Hammami tergov bilan hamkorlik qilmoqda va u samolyotni Isroil hududida yerga qulatishga qasd qilganini ma’lum qilgan”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq samolyotni egallab olishga urinish paytida og‘ir jarohat olgan Flydubai kapitani Smit Machchhar sodir bo‘lgan voqea haqida ilk bor so‘zlab bergandi.
Flydubai samolyoti bortidagi favqulodda hodisa
Isroil Harbiy-havo kuchlari qiruvchi samolyotlari havo kemasi tomon havoga ko‘tarilgan edi. Keyinchalik havo kemasi Saudiya Arabistoniga qo‘ngani ma’lum bo‘ldi. Buning ortidan Flydubai aviakompaniyasi Isroil televideniyesiga “Dubay—Tel-Aviv” reysidagi uchuvchilar o‘rtasida bortda mushtalashuv sodir bo‘lganini xabar qildi.
Tez orada samolyot ichidan olingan dastlabki foto va videolar paydo bo‘ldi. Suratda, taxminlarga ko‘ra, hujumchi bilan olishgan yo‘lovchi tasvirlangan. Hukumat esa uchuvchilardan biri samolyotni qasddan qulatishga uringan bo‘lishi mumkinligi haqidagi versiyani tekshirmoqda. Uning harakatlariga ikkinchi uchuvchi va u bilan olishuvga kirishib, falokatning oldini olgan isroillik yo‘lovchilar chek qo‘ygan deb taxmin qilinmoqda.
Shuningdek, samolyot uchuvchilarining fuqaroligi bo‘yicha yana bir versiya yangradi. Rossiya va Ukraina fuqaroligi haqidagi versiyadan so‘ng, uchuvchilar Ummon va BAA fuqaroligiga ega ekani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Keyinchalik uchuvchilardan biri hujumdan so‘ng pichoq jarohatlari oqibatida vafot etgan bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lumot tarqaldi.
Ommaviy axborot vositalarida Ukraina va Rossiyadan bo‘lgan uchuvchilar yo‘lovchi sifatida uchib ketayotgani va Flydubai samolyoti boshqaruvini o‘z qo‘llariga olishgani haqida ham xabar berilgan edi. Keyinchalik Flydubai samolyoti bortida hamkasbining hujumidan jarohat olgan uchuvchi Hindiston fuqarosi Smit Machchxar ekani ma’lum bo‘ldi.
Live
Barchasi