FXX AQSH Bosh konsulligining sobiq xodimini josuslikda ayblamoqda

Olam

image

Rossiyaning Federal Xavfsizlik xizmati AQSHning Vladivostokdagi Bosh konsulligi sobiq xodimi, Rossiya fuqarosi Robert Shonovni AQSH uchun “maxsus harbiy operatsiya”ning borishi haqida ma’lumot yig‘ishda aybladi. Bu haqda TASS Rossiya FXXning Jamoatchilik bilan aloqalar markaziga tayanib xabar berdi. 

“Federal xavfsizlik xizmati AQSHning Moskvadagi elchixonasi xabarchisi, AQSHning Vladivostokdagi Bosh konsulligi sobiq xodimi va Rossiya fuqarosi Shonov Robert Robertovichning noqonuniy faoliyatini to‘xtatdi. U Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 275.1-moddasida (xorijiy davlat bilan maxfiy hamkorlik) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblangan”, deyiladi xabarda. 

FXX ma’lumotlariga ko‘ra, Shonov 2022 yil sentyabr oyidan hibsga olingan vaqtgacha moddiy mukofot evaziga AQSHning Moskvadagi elchixonasining siyosiy bo‘limi Jeffri Sillin va Devid Bernshteynning “maxsus harbiy operatsiya”ning borishi, Rossiya hududlaridagi safarbarlik jarayonlari, muammoli daqiqalar to‘g‘risida ma’lumot to‘plash va ularning 2024 yilgi Rossiya Federatsiyasi Prezidenti saylovi arafasida aholining norozilik faolligiga ta’sirini baholash bo‘yicha topshiriqlarini bajargan. 

Razvedka xizmati ushbu diplomatlarni so‘roq qilish rejalashtirilayotganini qayd etmoqda.

“Ushbu amerikalik diplomatlarni so‘roq qilish rejalashtirilmoqda, shu munosabat bilan AQSHning Moskvadagi elchixonasiga tegishli chaqiruv qog‘ozi yuborildi”, deyiladi FXX xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Jinoyat kodeksiga 275.1-modda o‘tgan yilning iyul oyida kiritildi. Unga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi fuqarosining xorijiy davlatning maxsus xizmati, xalqaro yoki xorijiy tashkilot yoki ularning vakillari bilan maxfiy hamkorlikni amalga oshirishi ikki yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi yoki 1 million rublgacha yoki mahkumning uch yilgacha bo‘lgan ish haqi miqdorida jarima to‘lashi yoki ikki yilgacha ozodligi cheklanishi bilan jazolanadi. 

Bu davlatga xiyonat ta’rifiga kirmaydigan harakatlardir. Hamkorlik deganda, chet el maxsus xizmati yoki tashkiloti, ularning vakillari bilan “Rossiya Federatsiyasi xavfsizligiga bila turib qarshi qaratilgan faoliyatda ularga yordam berish maqsadida” “yashirin aloqa o‘rnatish va qo‘llab-quvvatlash” tushuniladi. 

Moddaga kiritilgan eslatmalarga ko‘ra, gap razvedka, kontrrazvedka yoki tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi maxsus xizmatlar haqida ketmoqda. Tashkilotlarga "xorijiy davlatning maxsus xizmati manfaatlarida" faoliyat yurituvchi tuzilmalar, shuningdek, xorijiy yoki xalqaro xususiy harbiy yoki razvedka kompaniyalari kiradi. 

Shu bilan birga, ushbu qonun vakolatli davlat organlarini bunday hamkorlik to‘g‘risida ixtiyoriy ravishda va o‘z vaqtida xabardor qilgan taqdirda, agar fuqaro olgan topshirig‘ini bajarishga harakat qilmagan bo‘lsa va uning xatti-harakatlarida boshqa huquqbuzarliklar mavjud bo‘lmasa, javobgarlikdan ozod qilish imkoniyati nazarda tutadi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya FXX

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing